G‘azoda o‘ldirilgan BMT xodimlari, yana bir yetakchisidan ayrilgan Hamas va siyosiy mahbuslarni g‘arbga topshirgan Rossiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti G‘azodagi sog‘liqni saqlash tizimi parokanda bo‘lish arafasida ekanini ma’lum qildi.
Tashkilot vakili Margaret Harrisning ma’lum qilishicha, G‘azodagi 36 ta shifoxonadan 16 tasi parokanda bo‘lish yoqasida turibdi va qisman tibbiy xizmatlar taqdim eta oladi. Sektorning 2 milliondan oshiq aholisi uchun bor-yo‘g‘i 1400 ta koyka xizmat ko‘rsatishi mumkin.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkillashtirish bo‘yicha Yaqin Sharq agentligi bosh komissari Filipp Lazzarini G‘azo sektorida UNRWA'ning 200 ga yaqin xodimi o‘ldirilganini ta’kidladi.
«UNRWA'ning qariyb 200 xodimi G‘azoda Isroil tomonidan o‘ldirildi. Bu oddiy raqamlar emas, bular hamkasblarimiz va do‘stlarimiz. O‘qituvchilar, vrachlar, hamshiralar, injyenerlar, yordamchi personal va texniklar — ularning ko‘p yillardan buyon jamiyatga nafi tegib kelayotgan edi. Ularning ko‘pchiligi oilasi bilan yo‘q qilingan, ayrimlari esa xizmat vazifasini ado etishda halok bo‘lgan”, — degan Lazzarini.
Falastinning BMTdagi doimiy vakili Riyoz Mansur Eronda Hamas yetakchilaridan biri Ismoil Haniyaning o‘ldirilishi munosabati bilan Isroilni javobgarlikka tortishni talab qildi.
Falastinning WAFA axborot agentligining ma’lum qilishicha, Riyoz Mansur bu borada BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga, Bosh Assambleya raisi Denis Fransisk va BMT Xavfsizlik kengashida raislik qilayotgan Rossiya vakili Vasiliy Nebenzyaga xat jo‘natgan.
Hamasdagi yana bir yo‘qotish
Isroil Hamasning harbiy qanoti rahbari Muhammad Deyf o‘ldirilganini e’lon qildi. Deyf iyul oyi o‘rtalarida Xon Yunusdagi qochqinlar lageriga berilgan raketa zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.
Isroil mudofaa armiyasi bu razvedka ma’lumotlari asosida tasdiqlanganini e’lon qildi.
Isroil 13 iyul kuni Xon Yunusdagi qochoqlar lageri yaqiniga raketa zarbasi yo‘llagan va zarba nishoni aynan Muhammad Deyf bo‘lganini bildirgan edi. O‘sha zarba natijasida Hamas harbiy qanoti, «Izzaddin al-Qassam brigadalari» qo‘mondoni Muhammad Deyf ham halok bo‘lgan.
Muhammad Deyf Hamas tuzilmasidagi ikkinchi odam hisoblangan. Isroil uni 7 oktyabrdagi Isroilga hujum g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi va amaliy ijrochisi deb biladi. Shuningdek, Deyf G‘azodagi tunnellar tizimi va «Qassam» raketalari asoschisi deb qaraladi.
Muhammad Deyf Hamasga asos solingan 1987 yildan buyon uning safida bo‘lgan, Isroil maxsus xizmatlari 1990-yillar o‘rtalaridan buyon uni ta’qib etib kelgan. Isroilliklar 2001 yildan so‘ng uni o‘ldirish uchun kamida yetti bor urinishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 2002 yilgi suiqasd oqibatida ko‘zidan ayrilgan, 4 yil o‘tib amalga oshirilgan hujum vaqtida ikki oyog‘i va bir qo‘lini yo‘qotgan. 2014 yilda Deyfning uyiga zarba oqibatida rafiqasi, uch yoshli qizi va chaqaloq o‘g‘li halok bo‘lgan.
Deyfning o‘limi bir kun avval Hamas siyosiy qanoti yetakchisi Ismoil Haniya Tehronda o‘ldirilgani ortidan tasdiqlandi.
Rossiya va G‘arb mahbus almashdi
Anqarada Turkiya razvedkasi vositachiligida Rossiya va G‘arb o‘rtasida mahbuslar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Rossiya bir qancha siyosiy mahbuslarni, josuslikda ayblanganlarni G‘arbga topshirdi. Evaziga, G‘arbdan josuslik, qotillik, hakerlik va boshqa jinoyatlarda ayblanganlarni qabul qilib oldi.
Turkiya Milliy razvedka tashkiloti (MIT) yetti davlatdan 26 nafar mahbusni almashish bo‘yicha operatsiyada vositachi bo‘lgan. Almashinuvda Rossiya, Belarus, AQSh, Germaniya, Polsha, Sloveniya va Norvegiya vakillari ishtirok etgan.
Operatsiya doirasida Rossiyaga 10 kishi berildi (2 nafari voyaga yetmagan bola). Rossiya esa 13 kishini Germaniyaga, yana 3 kishini AQShga topshirgan. Mahbuslar Turkiyaga samolyotlarda yetkazildi.
Rossiyaga topshirilgan mahbuslarni Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan Vnukovo aeroportida o‘zi kutib olgan.
Topshirilgan «harbiy xizmatga aloqador» rossiyaliklarga murojaat qilar ekan, Putin ularga «qasamyod va burchlariga sodiqliklari uchun» minnatdorchilik bildirdi.
Putinning Germaniyada chechenistonlik sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xankoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan «FSB» xodimi Vadim Krasikovni quchoqlab qarshi olgan.
«Hammangiz davlat mukofotlariga taqdim etilasiz, biz sizlarni yana ko‘ramiz va kelajagingiz haqida gaplashamiz», — degan Putin ularga qarata.
Rossiya almashinuv paytida G‘arb davlatlariga: siyosatchilar Vladimir Kara-Murza va Ilya Yashin, huquq himoyachisi Oleg Orlov, jamoat arbobi Andrey Pivovarov, rassom Sasha Skochilenko, muxolifatchi Aleksey Navalniyning sheriklari Liliya Chanisheva, Kseniya Fadeyeva va Vadim Ostanin, Germaniya fuqarosi Kevin Lik; jurnalist “Ivan Safronov ishi” qatnashchisi, Rossiya va Germaniya fuqaroligiga ega siyosatshunos Diter Voronin, Germaniya va Rossiya fuqarosi Germana Moyjyes, AQSh fuqarolari Pol Uilan, Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva, Germaniya fuqarosi Patrik Shobelni topshirdi. Belarus hukumati ham o‘lim jazosiga hukm qilingan Germaniya fuqarosi Riko Krigerni shu almashinuv asnosida topshirgan.
Germaniya kansleri Olaf Shols Kyoln/Bonn aeroportiga yetib kelgan sobiq mahbuslarni o‘zi kutib olgan va ular bilan «batafsil» suhbatlashgan. Shols bu muloqotdan juda ta’sirlanganini bildirgan.
Ilya Yashin allaqachon Navalniyning hammaslaklari bilan uchrashib, suratga tushishga ulgurgan.
Rossiyada YouTube muqobili “o‘tirib” qoldi
Rossiyada sekin-asta bloklanib borilayotgan YouTube videoxostingiga muqobil sifatida yaratilgan platforma ishdan chiqdi.
Mamlakatda avval ham uchta videoxosting ishga tushirib ko‘rilgan — RuTube, VKontakte va Nuum. Ammo ulardan birortasi YouTube’ga aytarli raqobat tug‘dira olmagan edi.
Endi muqobili sifatida ishlab chiqilgan «Platforma» mamlakatda Google servislari bloklanishi boshlangach ishlamay qoldi. Rossiya videoxostingiga kirib bo‘lmayapti, uning asosiy sahifasida esa «Saytda texnik ishlar olib borilmoqda» yozuvi paydo bo‘lgan.
«Platforma» Rossiyada 2024 yilning iyunida YouTube’ning o‘rnini bosuvchi videoxosting sifatida ishga tushirilgan. Rteam kompaniyasi dasturchilari yangi videoservisning interfeysi va funksionalligini maksimal darajada YouTube’ga o‘xshash qilib yaratgan.
«Platforma»da Rossiya qonunchiligini buzadigan kontent hamda «Rossiyaga qarshi qaratilgan» videoroliklarni cheklaydigan moderatsiya tizimi mavjud.
Rteam 2022 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Uning asoschisi TV-Novosti hisoblanadi — notijoriy tashkilot Margarita Simonyanning Russia Today telekanalini ham boshqaradi.
Gurjistonda bahsli qonun kuchga kirdi
Noroziliklar va namoyishlarga qaramasdan, Gurjistonda 1 avgustdan e’tiboran «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi.
«Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun mablag‘lari kamida 20 foizini xorijdan oladigan tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qiladi. Qonun Gurjistonda noroziliklar keltirib chiqarib, Yevropa Ittifoqi va AQShning tanqidiga sabab bo‘ldi.
Qonun amal qilishi nazarda tutilgan tashkilotlar har yili Adliya vazirligiga daromadlar va xarajatlar deklaratsiyasini taqdim etishi shart. Ushbu talablarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun 25 ming lari (taxminan 8,5 ming yevro) miqdorida jarima solinadi.
Mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili qonunga veto qo‘ydi, biroq hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi parlamentda ko‘pchilik bo‘lgani evaziga davlat rahbari vetosini yengib chiqdi.
Keyinchalik Zurabishvili Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasi bilan chiqdi.
Demokratlar Harrisni ilgari surishmoqda
AQSh Demokratik partiyasi vitse-prezident Kamala Harris nomzodini prezidentlikka ilgari surish uchun ovoz berishni boshladi. Elektron ovoz berish besh kun davom etadi.
Kamala Harrisni hukumatning eng yuqori lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatish jarayonida ishtirok etgan demokrat delegatlarning 99 foizi qo‘llab-quvvatlagan.
Demokratik partiyaning milliy qurultoyi 19-22 avgust kunlari Chikagoda bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda, Donald Tramp o‘zining taxminiy raqibiga nisbatan irqchilik kayfiyatidagi bayonot bilan chiqdi. Tramp Chikagodagi qora tanli jurnalistlar milliy assotsiatsiyasi bilan suhbatda Harris uzoq vaqtdan beri o‘zini hind millatiga mansub ayol deb tanishtirgani, yaqindan boshlab esa o‘zini qora tanli, deya ta’riflay boshlaganini aytgan.
Oq uy sobiq Trampning so‘zlarini «tahqirlovchi» va «jirkanch» deb atadi. Harrisning o‘zi respublikachi nomzod Illinoys shtati eng yirik shahrida «bo‘linish» va «hurmatsizlik»ning «eski shousini» ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Kamala Harris Kaliforniyada tug‘ilgan. Uning otasi AQShga Yamaykadan, onasi esa Hindistondan ko‘chib kelgan.
Mavzuga oid
14:38 / 23.11.2024
AQSh vetosidan norozi Hamas, Isroilda konstitutsiyaviy inqiroz xavfi va Rossiya banklariga qarshi sanksiyalar - kun dayjesti
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024