Jahon | 21:10 / 03.08.2024
5806
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh fond bozorlari ish o‘rinlari kamayishi tufayli qulamoqda

Foto: Reuters

AQShda ish o‘rinlarining zaif o‘sishi dunyodagi eng yirik iqtisodiyotning to‘satdan qulash xavfini kuchaytirgani bois 2 avgust kuni fond bozorlarida ommaviy sotuvlar yuz berdi.

Texnologik aksiyalari ustunlik qiladigan Nasdaq indeksi Intel va Amazon kompaniyalari o‘z natijalaridan ko‘ngli to‘lmaganini ma’lum qilgandan keyin 2,4 foizdan ortiqqa tushib ketdi. Rasmiy ma’lumotlarda keltirilishicha, iyul oyida ish beruvchilar 114 mingta ish o‘rni yaratgan — bu kutilgan ko‘rsatkichlardan ancha past. Mamlakatda esa so‘nggi uch yilda ishsizlik eng yuqori darajaga chiqqan.

Ushbu ma’lumotlar AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini qachon va qanchaga pasaytirishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni yuzaga keltirdi. Fond bozorlari shundoq ham zayomlar bo‘yicha xarajatlar ko‘pligidan tashvishda edi, shu bilan birga, sun’iy intellekt sabab yuzaga kelgan optimizm tufayli aksiyalar narxining davomli o‘sishi to‘xtab qolishi mumkin.

Nasdaq’ning 2 avgust kungi qulashi indeksning oxirgi «cho‘qqisi» bilan taqqoslaganda taxminan 10 foizga kamayishiga olib keldi — «tuzatish» nomini olgan qulash bundan bir necha hafta oldin sodir bo‘lgandi.

Shuningdek, Dow Jones Industrial Average indeksi 1,5 foizga, S&P 500 indeksi esa Osiyo va Yevropa bozorlaridagi qulashdan keyin 1,8 foizga tushib ketdi. Yaponiyada Nikkei 225 indeksi qariyb 6 foizga quladi.

Avvalroq Federal zaxira tizimi foiz stavkasini yana oldingi darajada saqlab qolgan edi, biroq sentabrda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yig‘ilishda stavkalari pasaytirilishi mumkinligiga shama qilgan.

Principal Asset Management kompaniyasining bosh strategi Sima Shax bandlikka oid oxirgi ma’lumotlar «Federal zaxira tizimi juda uzoq kutmadimi?», degan savolni yuzaga keltirganini ma’lum qildi. «Ish o‘rinlari barqaror iqtisodiyotga mos deya hisoblangan 150 minglik marradan tushib ketdi», — deydi u.

AQSh Mehnat vazirliginin hisobotida keltirilishicha, mamlakatda ishsizlik darajasi 4,3 foizga qadar ko‘tarilgan — bu 2021 yildan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich.

Amazon oxirgi chorakda savdolar 10 foizga oshganini ma’lum qilganiga qaramay, 2 avgust kuni elektron tijorat gigantining savdolari 10 foizdan ortiqqa tushib ketdi. Kompaniya AQSh iqtisodiyotidagi har qanday qulashdan jiddiy zarar ko‘radi.

Mavzuga oid