Joriy yil kuzda AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. Respublikachilar partiyasidan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp va Demokratik partiyadan Jo Bayden ma’muriyatida vitse-prezident lavozimida ishlab kelayotgan Kamala Harris nomzodi ko‘rsatgan.

Agar kuzgacha favqulodda hodisa yuz bermasa, okean ortida shu nomzodlar AQSh prezidentligi uchun kurash olib boradi.

Ma’lumot uchun, Demokratlar avvaliga amaldagi prezident Jo Baydenni nomzod sifatida ko‘rsatgandi. Biroq 2024 yil 21 iyul kuni 81 yoshli prezident nomzodini qaytarib olishini ma’lum qildi.

Aslida bu kutilmagan qaror emasdi. O‘shangacha demokratik partiya tarafdori bo‘lgan ko‘plab nufuzli shaxslar 81 yoshli siyosatchining nomzodi prezidentlikka ko‘rsatilishi to‘g‘ri bo‘lishiga shubha qila boshlagandi.

Agar e’tibor berilsa, AQShdagi asosiy ikkita partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar o‘z reytingini oshirish uchun bir-birini turli ishlarda ayblaydi. Ya’ni, g‘alaba qozonish uchun qonun doirasida har qanday ishdan tap tortmaydi.

Biroq prezidentlik saylovlari tarixida noqonuniy ishlar ham bo‘lib turgan. Bunday ishlarning eng mashhuri 1972 yil yozda saylovoldi kurash ayni avjiga chiqqan paytda yuz bergan va u tarixda “Uotergeyt ishi” nomi bilan qolgan.

Oxir-oqibat “Uotergeyt ishi” tufayli Richard Niksonga impichment xavf soladi va u iste’foga chiqadi.

Foto: alamy.com

Jon Kennediga raqib va Brejnevning do‘sti

1913 yilda tug‘ilgan Richard Nikson katta siyosatga Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng kirib keladi. U 1947 yilda Kaliforniyadagi saylov okrugida Vakillar palatasi a’zosi, 1950 yilda senator etib saylanadi.

1952 yil kuzda o‘tkazilgan saylovlarda Duayt Eyzenhauer AQSh prezidenti etib saylanadi va u Richard Niksonni o‘ziga vitse-prezident sifatida tanlaydi. Duayt Eyzenhauer AQShni ikki muddat boshqaradi va Nikson ham sakkiz yil vitse-prezident vazifasini bajaradi.

1960 yilda o‘tkaziladigan saylovlarda Demokratik partiya vakillari prezidentlik uchun Jon Kennedi, Respublikachilar esa Richard Nikson nomzodini ilgari surishadi. O‘shanda respublikachilar Niksonning 8 yillik tajribasiga ishongandi.