Parijda o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida qirg‘izistonlik bokschiga sekundantlik qilgan o‘zbekistonlik murabbiy Akmal Hasanov ko‘pchilikning olqishiga sazovor bo‘ldi. Fransiyadagi qahramon hammasi qanday boshlanganini Kun.uz bilan suhbatda aytib berdi.

Qo‘shni mamlakat jamoasiga yordam

- 7 iyul kuni mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun Fransiyaning Nansi shahriga yetib bordik. U yerda o‘ndan ortiq mamlakat sportchilari bor edi. Ular bilan Olimpiadagacha birgalikda mashg‘ulotlar o‘tkazdik. 20 iyul kuni Olimpiya shaharchasiga    joylashdik.

22 yoki 23 iyul kuni qirg‘izistonlik bokschi va murabbiy ham qarorgohimizga joylashishdi va biz bilan tayyorgarlikni davom ettirishdi. Ular menga hazilomuz tarzda «jangda bizga yordam berasan», deyishgandi. Men rahbariyat qarorisiz hech narsa qila olmasligimni bilardim. Keyin bosh murabbiyimizdan ularga yordam berishimni iltimos qilib so‘rashdi va ruxsat berishdi.

Qo‘shni mamlakatlar bilan yaqin ekanligimizni yana bir marta isbotladik. «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shning yaxshi» degan maqol bor.

«Bu men uchun katta sharaf»

- O‘zim O‘zbekiston milliy jamoasining murabbiyiman. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, A’loxon Abdullayev, Shohjahon Abdullayev, Dilshod Abdumurodov, Jasur Yo‘ldoshev kabi shogirdlarim bor. To‘lqin Qilichevga ham yordamchi murabbiyman.

Nansi shahrida qiziq holat ro‘y berdi. Dunyoning eng kuchli bokschilari — La Krus, Lopes kabi yulduzlar ishtirokidagi mashg‘ulot o‘tashni yigirmadan ortiq mamlakatning taniqli murabbiylari orasida menga ishonib topshirishdi. Va men buni chiroyli tarzda bajardim. Bu men uchun katta sharaf.

Munarbekning o‘zbek tilini bilishi haqida

- Munarbekning dastlabki jangida biroz tortindim. Har holda qo‘shni mamlakat vakili. Ammo birinchi raundda kubalik bokschiga yengildi. Keyin undan «o‘zbekchani bilasanmi?» deb so‘radim. U «ha, o‘shlikman tushunaman, gapiravering» dedi. Keyin chin dildan o‘z shogirdimdek unga o‘zimdagi bor narsa berdim. «Kubalik bokschi raqib tempni ko‘tarsa, charchab qolishini» aytdim. U ko‘rsatmalarni bajardi va 2-3 raundni o‘z foydasiga hal qila oldi.

Olimpiadaga borganimda — Alloh ringda sekundantlik qilishimni nasib qilsin deb niyat qilgandim. Murabbiylar shtabida eng yoshi menman. Bunday turnirda ringda sekundantlik qilish katta baxt.