G‘azoni tark etishni istamayotgan Netanyahu, Putinning Kursk janglariga munosabati va g‘arbga ko‘proq ziyon keltirayotgan sanksiyalar - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroilning G‘azo shahrining ar-Rimal dahasidagi Salohiddin maktabiga aviazarba berishi ko‘plab qurbonlarga olib kelgan.
Bu maktabda ham majburan ko‘chirilgan qochqinlar yashab kelishayotgan edi. Qurbonlar orasida yosh bolalar ham bor.
Isroil armiyasi shuningdek, sektorning markazida joylashgan al-Mag‘oziy qochqinlar lageriga yana hujum uyushtirgan. Bu yerda ham tinch aholi vakillari, yosh bolalar qurbon bo‘lgani aytilmoqda.
G‘azoda boshlangan urushning 321-kuniga kelib halok bo‘lganlar soni 40 ming 265 nafarga yetgani ma’lum qilinmoqda. Yaradorlar soni esa 93 ming 144 kishiga yetgan.
Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil G‘azoning turli qismlarida to‘rtta ommaviy qirg‘in uyushtirib, 42 nafar insonnning hayotdan ko‘z yumishiga va 163 kishining yaralanishiga sababchi bo‘ldi.
Bayden va Netanyahu suhbati
AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon suhbatida imkon qadar tezroq HAMAS bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida kelishuvga erishishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Oq uy matbuot xizmati.
«Prezident o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishish va garovdagilarni ozod qilishni imkon qadar tezroq amalga oshirish zaruriyatini ta’kidladi», — deyiladi xabarda.
Tomonlar Isroilning Eron, HAMAS, «Hizbulloh» guruhlari va husiychilardan taralayotgan tahdiddan himoya qilish, Isroil mudofaasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha AQShning sa’y-harakatlarini ham muhokama qilishgan. Bundan tashqari, Bayden G‘azo sektorida otashkesim bo‘yicha Qohirada o‘tadigan navbatdagi muzokaralar mavzusiga ham to‘xtalgan.
HAMAS va Isroil o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lmagan muzokaralar 15 avgust kuni Qatar poytaxti Dohada boshlangan edi. Falastin guruhi Netanyahuning Filadelfiya yo‘lagida Isroil armiyasini qoldirish sharti tufayli o‘t ochishni to‘xtatish va garovdagilarni almashish taklifini rad etgan. HAMASning fikricha, AQSh o‘z rejasini takomillashtirib, «shunchaki Isroil uchun vaqtdan yutib bermoqchi».
21 avgust kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Isroil hukumati G‘azodan o‘z qo‘shinlarini bosqichma-bosqich olib chiqishga rozi bo‘lganini ta’kidlagan. Vositachilar esa shu hafta yakunigacha Qohirada G‘azo bo‘yicha muzokaralarning yangi bosqichini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olishdi.
Isroilning shartlari
Isroil tashqi bosimlarga qaramasdan Misr va G‘azo chegarasidagi Filadelfiya yo‘lagidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish niyatida emas. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devonxonasi ma’lum qilgan.
Filadelfiya yo‘lagi — bu 14 km uzunlikdagi, Misr va G‘azo chegarasi bo‘ylab joylashgan qurol-yarog‘lardan xoli bufer hudud. Bu yerda Isroil qo‘shinlarining joylashishi masalasi Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarga to‘g‘anoq bo‘lmoqda. Misr ham isroillik askarlar yo‘lakda turishiga qarshi va bu 1978 yilgi Kemp-Devid kelishuvlariga zid ekanini aytmoqda.
21 avgust kuni Isroilning Kan telekanali Netanyahu kelishuvning ikkinchi bosqichida Filadelfiya yo‘lagidan qo‘shinlarni olib chiqishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi, biroq HAMAS va Misr hudud birinchi bosqichdayoq tozalanishini istamoqda.
Bunga javoban Netanyahu AQSh bilan Isroil qo‘shinlarini yo‘lakdan olib chiqish borasida muzokaralar bo‘lganini rad etib bayonot berdi. “Isroil harbiy hukumat tomonidan o‘zining oldiga qo‘yilgan barcha harbiy maqsadlariga erishish yo‘lida qat’iy”, — degan Netanyahu.
HAMAS Tel-Aviv bilan kelishuv qatoridan Isroil qo‘shinlarining G‘azo sektorini to‘liq tark etishi o‘rin olishini istamoqda.
Ukrainaning Rossiyaga zarbasi
Ukraina Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi «Kavkaz» portida yonilg‘i sisternalari ortilgan temiryo‘l paromiga hujum qildi, paromda kuchli yong‘in yuzaga keldi va u suv tubiga cho‘kib ketdi.
Payshanba kuni telegram-kanallar «Kavkaz» porti hududiga raketa zarbasi yo‘llangani to‘g‘risida xabar tarqatdi, bu ma’lumot ko‘p o‘tmay mahalliy muxbirlar tomonidan tasdiqlandi.
Hudud tezkor shtabi ma’lumotiga ko‘ra, zarba oqibatida paromda yong‘in boshlangan. RBK Krasnodar o‘lkasi Temryuksk rayoni rahbari Fedor Babenkovga asoslanib xabar berishicha, Ukraina qurolli kuchlari zarbasiga duchor bo‘lgan paromda yonilg‘i solingan 30 ta sisterna bo‘lgan. Ko‘p o‘tmay parom cho‘kib ketgan. Parom ekipaji ham halok bo‘lganini ayrim manbalar xabar qilmoqda.
RIA Novosti agentligi favqulodda xizmatlardagi manbasiga tayanib yozishicha, paromda hujum vaqtida besh kishi bo‘lgan. Ularning taqdiri haqida hozircha hech narsa ma’lum emas.
Zarba haqidagi xabar ortidan Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat bir soatga to‘xtatilgan, mahalliy vaqt bilan soat 17:41 da harakat tiklangan.
Kreml ta’siridagi Mash telegram-kanaliga ko‘ra, ukrain harbiylari port tomon Storm Shadow raketasini uchirgan bo‘lishi mumkin va u yonilg‘i tashuvchi «Akvatreyder» paromiga kelib urilgan.
Ukraina hozircha «Kavkaz» porti bo‘ylab zarba haqidagi xabarlarga munosabat bildirmadi.
Putinning Kurskdagi janglarga munosabati
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kursk oblastidagi xavfsizlik uchun mas’uliyatni o‘zidan soqit qildi va “bu kuchishlatar tuzilmalarning muammosi” dedi.
U 90 dan ortiq aholi punkti va 1200 kilometr kvadratdan ortiq hududi Ukraina armiyasi nazorati ostiga o‘tgan Kursk oblastidagi xavfsizlik masalalari kuchishlatar tuzilmalarning muammosi ekanini aytgan.
“Xavfsizlik masalalariga to‘xtalsak, bu kuchishlatar tuzilmalarning mas’uliyat zonasidagi muammolar hisoblanadi”, — degan Putin Kursk, Belgorod va Bryansk oblastlari gubernatorlari va hukumat a’zolariga yuzlanib.
“Umid qilamanki, mahalliy va hududiy hokimiyat organlari, hukumat va kuchishlatar idoralar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik yo‘lga qo‘yilgan va bu ham bu yerda oldimizga qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun o‘zining ijobiy rolini o‘ynaydi”, — degan Putin.
12 avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Putin Rossiya hududidan “dushmanni siqib chiqarish”ni talab qilib, sodir bo‘lgan ishlarda g‘arbni ayblagan va Ukraina qurolli kuchlariga “munosib javob” qaytarishini ma’lum qilgan edi. O‘shandan buyon o‘tgan 10 kun ichida Ukraina harbiylari Kursk oblastida egallagan maydonini kamida bir yarim barobarga oshirgan: 12 avgust kuni egallangan yerlar 800 km kvadrat deyilgan bo‘lsa, 20 avgustga kelib Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 1263 km kvadrat haqida gapirgan.
Seym daryosi uzra ko‘priklar portlatilganidan so‘ng yana 570 km kvadrat maydon Ukraina nazoratiga o‘tishi mumkin, bundan tashqari kamida 3 ming rossiyalik askarlar qamal holatiga tushib qolishi mumkin, deb yozgan Bild nashri.
Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastiga hujumi Ikkinchi jahon urushidan buyon chet el armiyasining Rossiya hududiga keng ko‘lamli eng yirik bosqini bo‘ldi.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, bu hujum Rossiya rahbariyatini shok holatiga solib qo‘ygan. Xususan, V.Putinni 2022 yilning kuzidan — rus qo‘shinlari Xersonni tashlab chiqishga majbur bo‘lganidan buyon bu qadar aftoda ahvolda ko‘rishmagan.
Kurskdagi mudofaaning barbod bo‘lishi Rossiya qurolli kuchlari Bosh shtabi qo‘mondoni Valeriy Gerasimovning karyyerasiga nuqta qo‘yishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Gerasimovga hujum tayyorlanayotgani to‘g‘risida razvedka ma’lumotlari yetkazilgan, biroq u axborotga jiddiy e’tibor bermagan va prezident Putinga bu borada hisob bermagan.
Boz ustiga, Pentagon Ukrainaga uzoq masofani ura oladigan qurollardan boshqa qurol-yarog‘lardan Rossiyaning Kursk oblasti hududida foydalanishga ruxsat bergani ma’lum qilinmoqda.
«Bizning yondashuvlarimiz Ukrainaga Rossiyaning hujumlaridan himoya qilish uchun Kursk va Sumidan turib qarshi zarbalar berishga izn beradi. Ular bu hududlardan turib o‘zlarini Rossiya hujumlaridan himoya qilishmoqda», — degan Pentagon rasmiy vakilining o‘rinbosari Sabrina Singh.
Rossiyaga qarshi sanksiyalar
Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov rossiyaliklarga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar teskari samara berganini aytdi.
Uning aytishicha, avval transmilliy kompaniyalarga faol sarmoya kiritgan rossiyalik tadbirkorlar endi Rossiya bozoriga sarmoya kiritishni boshlagan.
Siyosiy sabablarga ko‘ra Yevropa Ittifoqining rossiyalik ishbilarmonlarga qarshi sanksiyalarini joriy etishi «katta xato», dedi USM Holding kompaniyasi asoschisi Alisher Usmonov Italiyaning Corriere Della Sera nashriga.
Tadbirkorning fikricha, Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalaridan eng katta zararni yevropaliklarning o‘zi ko‘rmoqda. U cheklovlarni «zaiflik belgisi» deb atadi va ularning yordami bilan teskari maqsadlarga erishilganini ta’kidladi.
«Ular biznes elitasini jazolamoqchi bo‘lishdi, rossiyaliklar esa pullarni uyiga qaytardi. Rossiya iqtisodiyoti sanksiyalarga moslashmoqda, qo‘shni bozorlar esa zarar ko‘rmoqda. Yevropa Rossiya energetika resurslarini rad etdi va ularni ancha qimmatroq narxda sotib olishga majbur. Men oq-qora tasvirni chizmoqchi emasman – sanksiyalar, shubhasiz, hamma uchun ziyon, ammo ayni paytda yevropaliklar uchun zarari ko‘proq», dedi Usmonov.
Mavzuga oid
13:16 / 09.10.2024
Isroildan Eronga tahdid, yon berishni o‘ylayotgan Kiyev va AQShga yopirilayotgan ajalvor to‘fon - kun dayjesti
12:59 / 08.10.2024
Livanda davom etayotgan bombalashlar, Isroil hujumiga tayyor Eron va dunyodagi qurg‘oqchilik oqibatlari - kun dayjesti
13:42 / 07.10.2024
G‘azoda urush boshlangan kun, atom bombasini sinagani gumonlanayotgan Eron va Qozog‘istondagi referendum - kun dayjesti
15:51 / 05.10.2024