Jahon | 23:05 / 26.08.2024
4333
2 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya aviakompaniyasi xatolik tufayli 300 dan ortiq chiptani arzon narxda sotib yubordi

Sidneydan AQShning bir nechta shaharlariga borish-qaytish reyslarining birinchi-klass chiptalari 2,9 ming dollardan sotib yuborilgan. Aslida esa mazkur yo‘nalishdagi birinchi-klass chiptalari narxi 21 ming dollarni tashkil etadi.

Foto: samchui.com

Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi xatolik tufayli AQShga parvoz qiladigan reyslaridagi birinchi klass chiptalarini o‘z qiymatining 15 foizi narxida sotib yubordi, deb xabar beradi BBC.

Qayd etilishicha, bronlash tizimidagi xatolik sabab Sidneydan AQShning bir nechta shaharlariga borish-qaytish reyslarining 300 dan ortiq birinchi-klass chiptalari 2,9 ming dollardan sotib yuborilgan — bu ularning haqiqiy qiymatining 15 foizi demak.

«Afsuski, bu holatda narxlar haqiqatga mos kelmaydigan darajada yaxshi», — deyiladi aviakompaniya matbuot xizmati xabarida. Aviakompaniyadagilarning ma’lum qilishicha, ular xatolik sabab sotib olingan chiptalarni bisnes-klassga qayta bron qilib beradi yoki pullarni qaytaradi.

Hozirda Qantas’ning AQShga parvoz qiladigan reyslaridagi birinchi klassda borish-qaytish chiptalari narxi 21 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha bisnes-klassda parvoz qilish esa 16,3 ming dollar. Ekonom-klass chiptalari bo‘lsa 3,2 ming dollar atrofida turadi.

Avstraliya aviakompaniyasi oldin ham chiptalarni sotishda xatolikka yo‘l qo‘yganlikda ayblangan edi. 2023 yil avgustda Raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi Qantas’ni mijozlarini bekor qilingan reyslarga chipta sotishda ayblagan. Kompaniya uzoq tekshiruvlardan keyin 66 million dollar jarimaga tortilgan va jabrlanuvchi yo‘lovchilarga 13,3 million dollar to‘lash majburiyatini olgan edi.

Mavzuga oid