Jahon | 21:26 / 29.08.2024
3776
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyaning yirik davlat banki rublda operatsiyalar o‘tkazishni to‘xtatdi

Ziraat banki hech qanday tushuntirishsiz rublda hisobraqam ochishni to‘xtatgan va mavjud hisoblari bo‘lgan mijozlarga rus valutasini turk lirasiga konvertatsiya qilish taklifini bildirgan.

Foto: RBK

Turkiyada davlatga tegishli bo‘lgan va aktivlari bo‘yicha mamlakatda birinchi o‘rindagi Ziraat banki Rossiya rublidagi operatsiyalarini to‘xtatmoqda.

«RIA Novosti»ning bank vakiliga tayanib yozishicha, Ziraat hech qanday tushuntirishsiz rublda hisobraqam ochishni to‘xtatgan va mavjud hisoblari bo‘lgan mijozlarga rus valutasini turk lirasiga konvertatsiya qilish taklifini bildirgan.

Bunga qadar bankda rubl orqali operatsiyalarni Turkiyada yashash guvohnomasiga ega yoki mamlakatda o‘qiydigan va ishlaydigan mijozlar amalga oshira olar edi. Ammo endi Turkiyada o‘z biznesini yuritayotgan ruslar Rossiya valutasida hisobraqam ochishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning boshqa davlat banklari ham Ziraat kabi siyosat yuritmoqda, ayrim xususiy kredit tashkilotlarigina rublda hisobraqam ochishni davom ettiryapti.

Deutsche Welle manbasining ta’kidlashicha, Turkiya banklari joriy yil boshida Rossiya bilan lirada operatsiyalarni amalga oshirishni boshlagan. Bu AQSh Moliya vazirligi tomonidan sanksiyalar kuchaytirilgach ro‘y berdi.

Natijada turk banklari Rossiyadan yuboriladigan to‘lovlarni ommaviy bloklashni, Rossiya—Turkiya savdosi esa qulashni boshladi: birinchi chorak yakuni bo‘yicha Turkiyaning Rossiyaga eksporti 33,7 foizga tushib ketdi va deyarli urushdan oldingi darajaga qaytdi — oyiga 500-600 million dollar. Manbalarning qayd etishicha, o‘tgan yili rossiyalik importchilar Turkiya tovarlariga to‘lovlarni amalga oshirishda liradan foydalangan, ammo ko‘p o‘tmay ushbu amaliyot ham to‘xtatilgan, chunki turk banklari ikkilamchi choralar — sanksiya rejimini buzganlik uchun taqiqqa tushishdan xavotirda.

«Vaziyat juda jiddiyligicha qolmoqda. Hatto aytish mumkinki, keskin», — degan edi Rossiyaning Anqaradagi elchisi Aleksey Yerxov aprel oyida.

Mavzuga oid