O‘zbekiston | 23:29 / 31.08.2024
9536
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi asosiy 5 ta yo‘nalish haqida gapirdi

Shavkat Mirziyovning so‘zlariga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor 5 ta ustuvor yo‘nalishga qaratilmoqda. Bular: sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash va ekologik barqarorlikni ta’minlash.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor nimalarga qaratilayotgani haqida gapirdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tibor beshta ustuvor yo‘nalishga qaratilmoqda.

«Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat.

Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qilinganini ta’kidladi.

«Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev mamlakatda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, O‘zbekistonni yirik ta’lim markaziga aylantirish maqsad qilinganini qayd etdi. «Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laganlar. Buning uchun ularga «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratamiz. Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim», — deydi prezident.

Mavzuga oid