Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Istiqlolning 35 yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida nishonlanadi
«O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. Bayram tadbirlari aprel oyidan boshlanadi.
O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» bosh g‘oyasi ostida o‘tkaziladi. Bu haqda «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, bayram tadbirlari aprel oyidan boshlanadi. Jumladan, ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel – sentabr oylari davomida respublika bo‘ylab keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” (festivali) tadbirlari o‘tkaziladi.
Bayram arafasida yirik sanoat, madaniyat, ta’lim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlari o‘tkaziladi.
1 iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalarini, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasi ishlab chiqiladi. Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030 yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismida o‘rnatiladi.
1 avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomi tayyorlanadi.
Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlaydi.
Avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
Avgust–sentabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.
Markaziy bank 1 sentabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etadi.
Mavzuga oid
20:24 / 08.05.2026
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Xotira va qadrlash kuni bilan tabrikladi
17:37 / 08.05.2026
Prezident Xotira kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi, faxriylar holidan xabar oldi
18:21 / 07.05.2026
Prezident jamoat transportini aglomeratsiya tizimi asosida rivojlantirishni buyurdi
17:56 / 07.05.2026