Texnologiya | 22:57 / 09.09.2024
6210
2 daqiqa o‘qiladi

Apple Watch Series 10 aqlli soati taqdim qilindi

  • Apple kompaniyasi 9-sentabr kuni It's Glowtime taqdimotida Watch Series markali aqlli soatlarining o‘ninchi avlodini namoyish etdi. Soatning dizayni va funksiyalari yangilandi, ekran yorqinligi 40 foizga oshdi.
  • Yangi modelda ko‘proq matn sig‘ishi mumkin, ekranni Ion-X oynasi himoya qiladi. Soat suvga chidamli, korpusi alyuminiydan qilingan va kuchli dinamik bor.
  • Apple Watch Series 10 soatlari 20-sentabrdan sotuvga chiqariladi. GPS-versiyasi uchun narxi 399 dollar, LTE-versiyasi uchun esa 499 dollardan boshlanadi.

U oldingilariga nisbatan sezilarli darajada yupqa, ekran esa kattaroq, shuningdek, sun’iy intellekt funksiyalari bilan ta’minlangan.

Foto: Apple

Apple kompaniyasi 9 sentabr kuni It's Glowtime taqdimotida Watch Series markali aqlli soatlarining o‘ninchi avlodini namoyish etdi.

Oldingilariga nisbatan soat sezilarli darajada yupqalashdi (atigi 9,7 mm), ekran esa nozikroq ramkalar tufayli kattalashdi. To‘rtburchak ekranning diagonali endi 2 dyuymni tashkil etadi, yorqinligi esa oldingi avlodga nisbatan 40 foizga oshdi.

Apple vakillariga ko‘ra, endi ekranga yanada ko‘proq matn sig‘ishi mumkin, bu esa soatdan foydalanishni ancha qulayroq qiladi. Ion-X oynasi ekranni himoya qilish uchun mas’ul.

Yangi metall orqa panel ko‘proq turli sensorlar va antennalarni joylashtirish imkonini beradi. Yangi komponentlar suvga chidamlilikka ta’sir qilmadi — avvalgidek 50 m.

Korpus alyuminiydan qilingan. Endi yon tomonda kuchli dinamikning katta panjarasi mavjud bo‘lib, u hatto musiqa tinglash uchun ham mos keladi.

Apple shuningdek, atigi 30 daqiqada 80 foiz quvvatlash imkonini beruvchi kattaroq quvvat katushkasini taqdim qildi. Avtonomiya odatdagi 18 soatlik faol foydalanish bilan cheklangan.

Watch Series o‘ninchi avlodi albatta, matnni tarjima qilish, soat yuzasiga fotosurat o‘rnatish, uyqu, nafas olishni aniqlash va hokazolar uchun ishlatiladigan sun’iy intellekt funksiyalari bilan to‘ldirilgan.

Soatning alyuminiy versiyasidan tashqari, sayqallangan titan versiyasi ham bo‘ladi, hatto uchta turli xil ranglarda.

Apple Watch Series 10 soatlari 20 sentabrdan sotuvga chiqariladi. Narxlar GPS-versiyasi uchun 399 dollardan va LTE-versiyasi uchun 499 dollardan boshlanadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid