Bugun insoniyat imkoniyatlarining chegarasi yo‘qday tuyulmoqda. Aslida, bunday bo‘lmasa ham, so‘nggi yillarda yaratilgan turli narsalar, qurilayotgan binolar va amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar haqida xabar topgan inson shunday deb o‘ylaydi.
Ayniqsa Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida balandligi 800 metrdan oshiq binoning qurilishi XXI asrda sodir bo‘lgan eng shov-shuvli hodisa bo‘ldi.
Agar insoniyat tarixiga nazar tashlansa, zamonaviy osmono‘par binolar tarixi 1885 yilda AQShning Chikago shahrida qurilgan 10 qavatdan iborat 42 metrli binodan boshlanadi.
Ilk 100 (102) qavatli bino Empire State Building 1930 yilda Chikagoda tiklanadi. U 1970 yilda Butunjahon savdo markazi binosi qurilguncha 39 yil dunyodagi eng baland bino maqomida bo‘lgan. AQShda 20-asrning so‘nggi choragida yana ko‘plab baland binolar tiklandi.
XXI asrga o‘tib dunyoning boshqa davlatlarida ham baland binolar qurish avj oldi. Ana shunday davlatlardan biri Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi. Bu davlatda joylashgan Dubay shahrida dunyodagi eng baland bino — Burj Xalifa qurilgan.

Burj Xalifaning qurilish tarixi
Burj Xalifa loyihasi Amerikaning Skidmore va Owings and Merrill me’morchilik byurolari tomonidan tayyorlangan bo‘lib, u «shahar ichidagi shahar» tarzida bo‘lishi kerak edi.
Burj Xalifa loyihasini amerikalik arxitektor Edrian Smit tayyorlagan. U avvalroq Xitoyda tiklangan 420 metrlik Mao Jin osmono‘par binosining loyihasini tayyorlagandi.
Loyiha tayyor bo‘lgach unga asosiy pudratchi sifatida Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasi tanlanadi. Bu kompaniya Malayziya poytaxti Kuala-Lampur shahrida tiklangan Petronas Towers egizak binolari urilishida bosh pudratchi bo‘lgandi.
Dastlabki loyihada binoning balandligi 705 metr bo‘lishi rejalashtirilgandi. Shunda ham u qurilsa dunyodagi eng baland bino bo‘lardi.
2006 yil sentabrda uning balandligi 916 metr bo‘lishi, ko‘p o‘tmay 940 metr qilib qurilishi aytiladi. Bungacha bino qurilishi boshlanib bo‘lgandi. Oxir-oqibat, uning balandligi 828 metr bo‘ladi.
Burj Xalifa qurilishi 2004 yilda boshlanadi. Eng avval bino qurilishi rejalashtirilgan joyga uzunligi 45, diametri 1,5 metr bo‘lgan 200 dona beton qoziq qoqiladi.























