Jamiyat | 13:05
4584
3 daqiqa o‘qiladi

Chilonzordagi maktabda o‘quvchini urgan ayol jarimaga tortildi

Ozoda Ravshanova maktabga ishga joylashish uchun kelganida, o‘qituvchilardan biri tadbirda ekani sababli uning o‘rniga dars o‘tishga kiritilgan. Bu darsda o‘quvchini urgan Ravshanova 6,8 mln so‘m jarimaga tortildi. Uni hech qanday hujjatsiz dars o‘tishga qo‘ygani uchun maktab direktori ishdan bo‘shatilgan.

Foto: Videodan kadr

28 sentabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudida fuqaro Ozoda Ravshanovaga doir ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. U tumandagi 188-sonli maktabda o‘quvchini urgani uchun jarimaga tortildi.

Kun.uz ixtiyoridagi sud hujjatlariga ko‘ra, Ozoda Ravshanova sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan. Uning aytishicha, 23 sentabr kuni maktabga ishga joylashish uchun kelgan va shu kuni rus tilida o‘tiladigan adabiyot darsiga ushbu fan o‘qituvchisi tadbirda bo‘lgani sababli kiritilgan. U o‘quvchilarga darsni o‘zbek tilida o‘tishini aytgan, hamma rozi bo‘lgan, faqat jabrlanuvchi va yana bir o‘quvchi rus tilida dars o‘tishni so‘ragan. O‘qituvchi ularga alohida rus tilida dars o‘tishini aytgan, lekin dars davomida jabrlanuvchi unga qarshi gapirib, tartibni buzgan. Ozoda Ravshanova uni tartibga chaqirib qo‘yish uchun qulog‘idan cho‘zganini, ertasi kuni o‘quvchining ota-onasi qo‘ng‘iroq qilib, unga bosim o‘tkazgani, shundan keyin jahl ustida ularni haqorat qilganini bildirgan.

Sud Ozoda Ravshanovani MJtKning 41-moddasi (haqorat qilish) va 52-moddasining 2-qismida (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor, deb topdi. Unga uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari – 6,8 mln so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Qarordan norozi tomon sud qarori ustidan 10 sutka ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin.

188-maktab direktori esa hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan, begona shaxsni o‘qituvchi sifatida darsga kiritgani uchun lavozimidan ozod etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ozoda Ravshanova yuqoridagi voqeaning ertasiga, 24 sentabr kuni Yashnobod tumanidagi, o‘zining 14 yoshli qizi o‘qiydigan 204-maktabga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib qolgan va maktab direktorining MMIB o‘rinbosariga nisbatan kuch ishlatgan. Maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, ularga keskin qarshilik ko‘rsatgan. Bu holat bo‘yicha unga 7 sutka ma’muriy qamoq va 2,4 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan edi.

Chilonzordagi holat rus tili darsida ro‘y bergani Rossiya siyosatchilari va mediasining e’tiborini tortgan, ular O‘zbekistondan bu borada izoh talab qilgandi. Kun.uz avvalroq bu siyosiy mojaroning tafsilotlarini yoritgandi.

Mavzuga oid