Jahon | 15:42
7836
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Usoma bin Lodinning o‘g‘lini mamlakatdan deportatsiya qildi

Hukumat Umar bin Lodinni terrorizmni targ‘ib qilishda aybladi.

Foto: AP

Fransiya ichki ishlar vaziri Bryuno Retayo Normandiyadagi kichik qishloqda istiqomat qilayotgan Umar bin Lodin mamlakatdan chiqarib yuborilgani haqida e’lon qildi.

IIV rahbari ma’lum qilishicha, Usoma bin Lodinning o‘g‘li Umar 2023 yilda ijtimoiy tarmoqlarda terrorizmni targ‘ib qiluvchi izohlar joylagan. Buning oqibatida prefektura rahbariyati “Fransiyani tark etish majburiyati”ni chiqardi, IIV bu qarorni tasdiqladi.

Bundan tashqari Umar bin Lodinning “hech bir sabab bilan” Fransiyaga qaytib kira olmasligini kafolatlovchi ma’muriy taqiq ham imzolangani aytilmoqda.

Vazir bu voqeani “milliy xavfsizlikka taalluqli qaror” deb atadi, ammo Umar bin Lodin qachon va qayerga deportatsiya qilinganini aniq aytmadi.

Le Parisien gazetasiga ko‘ra, Umar bin Lodin hozir Qatarda, u yerdan turib deportatsiya to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilgan, biroq Fransiya sudi uni rad etgan.

Bin Lodin ayblovlarni rad etmoqda

Mahalliy Le Publicateur Libre gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, shov-shuvli tvit bin Lodin tomonidan 2023 yil 2 may kuni, otasining tug‘ilgan kunida e’lon qilingan.

Umar esa uning akkauntini buzib kirishganini ta’kidlamoqda.

“Boshqa mamlakatdan bo‘lgan shaxs mening Twitter akkauntimga kirish parolini qo‘lga kiritib, nomimdan tvit joylashtirgan. Bu so‘zlar meniki emas. Voqea haqida Twitter’ga xabar berdim va taxminan bir haftadan so‘ng, xayriyatki, akkaunt bloklandi. Odamlarga shuni aytishni istardimki, men terrorizm va zo‘ravonlikni butun qalbim bilan qoralayman”, — degan u jurnalistlarga.

Terrorchining o‘g‘li rassomga aylandi

Umar — terroristik tashkilot deb tan olingan “Al-Qoida” asoschisi va 2001 yil 11 sentabrdagi terakt tashkilotchisi bo‘lgan Usoma bin Lodinning o‘g‘li.

Umar bin Lodin 14 yoshida “Al-Qoida” lagerlarida tayyorgarlikdan o‘tgan, 2000 yilda tashkilotni tark etgan. U otasining xatti-harakatlariga qo‘shilmasligini bildirgan.

2016 yilda u Buyuk Britaniya fuqarosi bo‘lgan rafiqasi bilan Normandiyaga ko‘chib o‘tdi. COVID-19 pandemiyasi paytida kichik bin Lodin rassomlik bilan shug‘ullanib, o‘z asarlarini 800 dan 2000 yevrogacha sotdi va restoran ochmoqchi bo‘ldi.

O‘tgan yilning iyul oyida Umar bin Lodinning uyida tintuv o‘tkazilib, uning o‘zi tergov ostiga olindi, ammo keyinchalik ish yopildi.

Mavzuga oid