Jahon | 21:41 / 09.10.2024
28673
3 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 5 yil ichida ilk bor Shimoliy Orolga suv quyish rejasi bajarildi

Oxirgi yillarda Qozog‘istondagi Shimoliy Orol dengiziga 350-400 million kub metr suv quyilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon bu hajm 2 milliard kub metrdan oshdi, yil oxiriga qadar yana 500 million kub metr suv quyish rejalashtirilgan.

Foto: aralsea.nethouse.ru

Qozog‘istonda so‘nggi 5 yilda ilk bor Shimoliy Orol dengiziga suv quyish rejasi deyarli 100 foizga bajarildi. Kazinform xabariga ko‘ra, dengizga jami 977 million kub metr suv quyilgan.

Qayd qilinishicha, oxirgi yillarda dengizga 350-400 million kub metr suv quyilgan bo‘lsa, joriy yil boshidan buyon bu hajm 2 milliard kub metrdan oshdi, yil oxiriga qadar yana 500 million kub metr suv quyish rejalashtirilgan.

«Natijada bugungi kunda Shimoliy Orol dengizining suv hajmi 22 milliard kub metrga yetdi. Vegetatsiya mavsumida dengizga sekundiga 7-10 kub metr suv yuborilgan bo‘lsa, joriy yilda dengizga sekundiga 60-70 kub metr suv yuborildi», dedi Orol-Sirdaryo havza inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Zeynulla Qaztog‘anov.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Orol dengizining minerallashuvi pasayib, baliqlar ko‘paygan. Dengiz quriyotganidan beri mahalliy baliqchilar yiliga atigi 400 tonna baliq ovlagan bo‘lsa, hozir 7,5-8 ming tonnagacha baliq ovlamoqda.

Qarateren qishlog‘ida yashovchi 76 yoshli baliqchi Kuntug‘an Turg‘anbayev butun umr shu kasb bilan shug‘ullangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, suv kelganida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lgan.

«Ko‘zimizni ochganimizdan beri dengizdan baliq ovlaymiz. Chuchuk suv baliqlari daryoga kirib boryapti. Bu yil baliq o‘tgan yilgidan ko‘p. Agar Orol dengizi shu darajada saqlansa, baliqchilik rivojlanadi», dedi u.

Shu bilan birga, Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda Shimoliy Orol dengizini saqlab qolish bo‘yicha loyihaning ikkinchi bosqichiga tayyorgarlik ko‘ryapti.

Hozir loyiha uchun zarur hujjatlar ishlab chiqilyapti. Ikkinchi bosqich barqaror suv bilan ta’minlashdan tortib Shimoliy Orol dengizida iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarni rivojlantirishgacha bo‘lgan turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Eslatib o‘tamiz, 1989 yilda Orol dengizi qurishi oqibatida ikkita suv havzasiga – Shimoliy va Janubiy Orolga ajralib ketgan edi. Shimoliy Orol – Qozog‘iston hududida joylashgan.

Mavzuga oid