Xitoyda elektromobillar uchun g‘ildirakli poverbanklar ixtiro qilindi
Ko‘chma stansiya ko‘chalarda zaryadi “o‘tirib qolgan” avtomobillarga yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi Wuling kompaniyasi elektr avtomobillar uchun o‘ziyurar zaryadlash qurilmasi prototipini taqdim etdi. Ushbu o‘ziga xos poverbank kutilmaganda akkumulyatori “o‘tirib qolgan” avtomobillarni qutqarishi mumkin.
Avtonom zaryadlash qurilmasining o‘lchamlari 2280 x 940 x 1969 millimetrni tashkil etadi. Muzlatgichdek keladigan stansiya 5 km/soatga chiqadigan tezlikda harakatlana oladi. Akkumulyator quvvati 141 kVt/soatga teng. Bu Tesla’ning biror elektromobilini 0 dan 100 foizgacha ikki marta zaryadlash uchun yetarli (bazaga qaytish uchun ham quvvat qoladi). Bundan tashqari, qurilmadagi IP54 himoyasi tufayli unga yo‘llardagi loy va suv xavf solmaydi.
Kompaniya ta’kidlashicha, Xitoyda “elektriklar” bilan bog‘liq muammolar mavjud — avtomobillar ko‘p, quvvatlagichlar esa kam. Shu sababli haydovchilar ko‘pincha ishga zaryadi yarim elektromobillarda borishga majbur bo‘ladi, bu ko‘pincha yo‘lning yarmida to‘xtab qolishga olib keladi. O‘ziyurar poverbanklar ushbu muammoni hal qilishi kerak. Ularning yordami bilan haydovchi elektromobillarni “jonlantirib”, eng yaqin zaryadlash stansiyasiga yetib olishi mumkin.
Avtonom zaryadlash stansiyalarini chaqirish uchun maxsus ilova ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Ko‘chma stansiyaning o‘zi ekran bilan jihozlangan bo‘lib, unda zaryadlash vaqti va batareyaning qolgan quvvati ko‘rsatiladi. Xizmat, shubhasiz, pullik bo‘ladi, biroq uning narxi va loyihani amalga oshirish muddatlari hozircha noma’lum.
141 kVt/soat quvvatga ega mobil stansiya 42 000 dollar turadi. U yonilg‘i quyish shoxobchalari va avtoturargohlarga egalik qiluvchi kompaniyalar tomonidan sotib olinishi mumkin. Stansiyaning 30 kVt/soat akkumulyatorli va g‘ildiraksiz kichikroq versiyasi ham mavjud. Uning qiymati 11 000 dollar deb baholandi.
Mavzuga oid
21:00
AQSh–Xitoy ziddiyati va Tayvan omili: Trampdan nima kutish mumkin?
19:13
Xitoyda 83 mlrd dollarlik oltin zaxirasi topildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
23:34 / 19.11.2024