Avto | 17:59
1193
3 daqiqa o‘qiladi

Meksika 8600 dollarga o‘ta arzon Olinia Uno elektromobilini taqdim etdi

Elektromobil meksikalik muhandislar tomonidan mamlakatning yetakchi universitetlari va tadqiqot markazlari ko‘magida 18 oy ichida ishlab chiqilgan.

Foto: Olinia

Meksika o‘z avtomobil sanoatini rivojlantirishda jiddiy qadam tashladi. Prezident Klaudiya Sheynbaum shaxsan birinchi to‘liq mahalliy Olinia Uno elektromobilini taqdim etdi - bu ixcham va juda hamyonbop shahar mikroavtobusi bo‘lib, millionlab oilalar va kichik korxonalar uchun haqiqiy yutuq bo‘lishi mumkin.

Elektromobilning narxi - 150 ming peso (taxminan 8600 AQSh dollari). Bu dunyodagi eng arzon yangi elektromobillardan biridir. Elektromobil meksikalik muhandislar tomonidan mamlakatning yetakchi universitetlari va tadqiqot markazlari ko‘magida 18 oy ichida ishlab chiqilgan.

Texnik xususiyatlari

  • O‘rindiqlar: xavfsizlik kamarlari bilan 6 nafar yo‘lovchi. Nogironlar aravachasini tashishga moslashtirilgan versiyasi mavjud.

  • Batareya: 14,7 kVt·soat (litiy-temir-fosfatli LFP - xavfsiz va chidamli).

  • Yurish masofasi: bir zaryadda 125 km gacha.

  • Quvvati: 17 ot kuchi.

  • Maksimal tezlik: 50 km/soat (shahar muhiti uchun ideal).

  • Quvvatlash: oddiy maishiy rozetkadan — 110 V uchun 8 soat yoki 220 V uchun 4 soat.

Yo‘lovchi versiyasidan tashqari, kichik biznes uchun yuk modifikatsiyasini (furgon/pikap) ishlab chiqarish ham rejalashtirilgan.

Davlat ko‘magi va istiqbollari

Prezident Sheynbaum Olinia Uno Meksikaning innovatsion salohiyatidan dalolat berishini ta’kidladi. Loyiha yuqori darajadagi mahalliylashtirishga ega (hozir taxminan 50 foiz, maqsad — 75 foiz). Ishlab chiqarish jarayonini 2027 yil yozida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Avtomobil mototaksini, eski benzinli taksilarni almashtirishi va Meksika shaharlari aholisiga arzon ekologik mobillikni taqdim etishi kutilmoqda. Operatsion xarajatlar 1 kilometr uchun atigi 0,49–0,50 pesoni tashkil etadi — bu an’anaviy transportdan bir necha barobar arzondir.

Yangilik keng rezonansga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik loyihani ijtimoiy yo‘naltirilganligi, amaliyligi va arzonligi uchun maqtaydi. Tanqidchilarning ta’kidlashicha, Olinia Uno dinamikasi va tezligi bo‘yicha to‘liq avtomobillardan ko‘ra golf-karga yaqinroq, ammo zich shahar muhiti va qisqa safarlar uchun juda mos keladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid