O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Zelenskiy Putinni yuzma-yuz uchrashuvga chaqirdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni tugatish yo‘lidagi navbatdagi urinish sifatida Vladimir Putinni yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazishga chaqirdi.

Zelenskiy Rossiya prezidentiga yo‘llagan ochiq xatida tinchlikka faqat Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi «to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot orqali» erishish mumkinligini aytdi va muzokaralar davomida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga chaqirdi.

BBC’ning yozishicha, xatning ohangi qat’iy, hatto kinoyali bo‘lib, Zelenskiy maktubda «26 yillik hokimiyatdan keyin [Putinning] yoshi o‘z so‘zini ayta boshlaganini» qayd etgan. Shuningdek, xatda rasmiy taklif ham o‘rin olgan:

«Ukraina ushbu urushni biz va siz o‘rtamizdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot orqali tugatishni taklif qiladi. Men uchrashuv taklif qilyapman», deb yozadi Zelenskiy. Zelenskiy yuzma-yuz muzokaralar Shveytsariya yoki Turkiya kabi neytral davlatlarda o‘tishi mumkinligini aytdi.

Bu Ukraina rahbarining birinchi bunday taklifi emas. Kreml avvalgi takliflarga Zelenskiy Putin bilan Moskvada uchrashishi mumkinligini bildirgandi.

Zelenskiyning aytishicha, rossiyaliklar – urushdan, Ukrainaning dron va raketa hujumlaridan, benzin taqchilligidan hamda narx-navoning ko‘tarilishidan charchagan. «Ushbu urushdan chiqish yo‘lini tanlashdan qo‘rqmang. Hozir sizdan talab qilinadigan asosiy narsa shu», deya Putinga murojaat qildi u.

Xatdagi e’tiborli jihati shundaki, Kiyev – AQShning «diqqat-eʼtibori butunlay Eron masalasiga qaratilganini» ochiqchasiga tan olgan.

Sankt-Peterburgda xorijiy jurnalistlar bilan suhbatda Putin «Ukraina bilan kelishuvga erishishga, shubhasiz, tayyor va xohish bildirishini» aytdi. Biroq murosaga kelish zarurligini ta’kidladi. Putinning fikricha, Tramp Eron bilan band bo‘lgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi Zelenskiyni hududlarni topshirishga ko‘ndirishi mumkin edi.

Ammo Putin uchrashuv yoki kelishuv umuman amalga oshishiga shubha bildirgandek bo‘ldi: «Zelenskiy janoblari Ukrainaning qonuniy vakilimi yoki yo‘qmi — bu huquqshunoslar va huquqiy tahlil uchun savol», dedi u.