Sport | 01:45 / 20.11.2024
47346
4 daqiqa o‘qiladi

JCh-2026 saralashi. Eron Qirg‘izistonda qiyin g‘alabaga erishdi, BAA – Qatar o‘yinida «o‘zbekistonlik» legioner 4ta gol urdi

Osiyoda JCh-2026 hal qiluvchi saralash bosqich 6-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. O‘zbekiston milliy jamoasi joy olgan A guruhi peshqadami Eron qo‘shni Qirg‘izistonni mag‘lub etdi, Birlashgan Arab Amirliklari esa o‘tgan turda O‘zbekistonni mag‘lub etgan Qatarni «savaladi». Guruh jadvali va keyingi tur o‘yinlari bilan tanishing.

Kojoning dubli Qirg‘izistonni Eron bilan o‘yinda mag‘lubiyatdan qutqara olmadi

JCh-2026 saralashi 6-tur A guruhidagi birinchi o‘yinda O‘zbekiston safarda KXDR ustidan g‘alabaga (1:0) erishgan bo‘lsa, ikkinchi uchrashuvda Qirg‘iziston Eronga qarshi maydonga tushdi.

Bishkekdagi uchrashuvda forslar birinchi bo‘limdan keyin ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinga chiqib olgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda Qirg‘iziston milliy jamoasi Samarqandning «Dinamo» klubi forvardi Joel Kojoning dubli evaziga hisobni tenglashtirdi – 2:2.

Uchrashuvni bevosita stadiondan kuzatib borgan mamlakat prezidenti Sadir Japarov va muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. O‘yinning 76-daqiqasida Sardor Ozmun mezbonlar darvozasiga o‘yindagi 3-golni urib, forslarga g‘alabani keltirdi – 3:2.

JCh-2026 saralashi. A guruhi. 2-tur

Qirg‘iziston – Eron – 2:3

Gollar: Joel Kojo 51, 64 penalti – Mehdi Toremiy 12, Soleh Hardani 33, Sardor Ozmun 76.

«O‘zbekistonlik» futbolchi 4ta gol urgan o‘yinda BAA Qatarni «nokautga uchratdi»

Guruhdagi so‘nggi o‘yinda Birlashgan Arab Amirliklari muxlislari qarshisida asosiy raqibi Qatarni «savaladi».

Ushbu o‘yinda amirliklarning mahalliylashtirgan legioneri, bir necha yil avval O‘zbekiston fuqaroligi bilan BAA chempionatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan, keyin esa hujjatni soxtalashtirilgani aytilgan braziliyalik Fabio Lima 4ta gol urib, pokerga erishdi. Yahyo Al-Hassani esa hisobni 5:0ga yetkazdi. Shu tariqa, o‘tgan turda O‘zbekistonni mag‘lub (2:3) etgan Qatar safarda sharmandali hisobda yutqazdi.

JCh-2026 saralashi. 6-tur

BAA – Qatar 5:0

Gollar: Fabio Lima 4, 45 pen., 45+5, 56 pen., Yahyo Al-Hassani 73.

Shu tariqa, Eron A guruhida 16 ochko jamg‘arib, 6-turdan keyin peshqadamlik

qilmoqda. Abbosbek Fayzullayevning goli va O‘tkir Yusupovning qahramonligi evaziga Laosda Shimoliy Koreyadan ustun kelgan O‘zbekiston hisobida 13 ochko bo‘lsa, BAA 10 ochko bilan 3-o‘ringa ko‘tarildi. Qatar 4-pog‘onaga pastladi, Qirg‘iziston 3 ochko bilan 5-o‘rinda, KXDR esa so‘nggi pog‘onada qoldi.

A guruhi. 6-turdan keyingi vaziyat:

O‘zbekistonning so‘nggi 4 turdagi raqiblari:

20.03.2025 | O‘zbekiston — Qirg‘iziston

25.03.2025 | Eron — O‘zbekiston

05.06.2025 | BAA — O‘zbekiston

10.06.2025 | O‘zbekiston — Qatar.

Ma’lumot uchun...

 JCh-2026 uchun Osiyoga 8,5 o‘rin ajratilgan. Uchta guruhdan 2tadan jamoa to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, guruhlardagi 3-4-o‘rindagi jamoalar pley-offlar orqali qolgan 2,5ta yo‘llanma uchun kurash olib boradi.

Jahon chempionati 2026 yilning 11 iyun — 19 iyul kunlari AQSh, Kanada va Meksikaning 16ta shahrida bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid