Umoja haqidagi maqola The Guardian nashrida bundan to‘qqiz yil avval chop etilgan. Ayollar huquqi haligacha dolzarbligi tufayli Kun.uz maqolani o‘quvchilarga havola etmoqda.

Ayollar davrasi: markazdagi 19 yoshli Judiya majburan turmushga chiqishdan qochib, olti yil oldin Umoja qishlog‘iga kelgan. Qishloq 1990 yilda Britaniya askarlari tomonidan zo‘rlangan 15 nafar ayol tomonidan tashkil etilgan.
Foto: Georgina Goodwin

2015 yilda qishloqqa tashrif buyurgan The Guardian jurnalisti Juli Bindel Umoja ayollari bilan suhbatlashadi, ularning bu yerga kelib qolishi tarixi bilan qiziqadi.

Jyeyn ismli ayol ko‘p yillar avval harbiy formadagi uch erkak tomonidan zo‘rlanganini aytdi. O‘shanda u erining qo‘y-echkilarini boqib, o‘tin terayotgandi. “Voqeadan qattiq uyalardim va bu haqda boshqalarga aytolmasdim. Ular menga juda dahshatli ishlar qilishdi”, — deydi Jyeyn iztirobga to‘la ko‘zlari bilan.

Ayol 38 yoshda, lekin ancha katta ko‘rinadi. U oyog‘idagi chuqur chandiqni ko‘rsatdi — uni yerga itarib yiqitishganida, oyog‘iga tosh kirib ketgan. U past, ikkilanuvchi ovozda hikoyasini davom ettirdi.

“Nihoyat qaynonamga kasal ekanimni aytishga majbur bo‘ldim, chunki jarohatlarim va tushkunligimni qandaydir yo‘l bilan tushuntirishim kerak edi. Menga an’anaviy dori-darmonlar berishdi, ammo ulardan foyda bo‘lmadi. Qaynonam erimga (zo‘rlash haqida) aytganida, u meni tayoq bilan savaladi. Shuning uchun bolalarim bilan yashirincha bu yerga qochib keldim”.

Umoja qishlog‘i Keniya shimolidagi Samburu yaylovlarida joylashgan. Qishloq tikanli simlar bilan o‘ralgan, deb u yerdagi manzarani ta’rifladi jurnalist. Atrofda echkilar o‘tlab yuradi, tovuqlar don teradi. Bambuk bo‘yralarda o‘tirgan ayollar ham gurung qilib, ham chaqqonlik bilan taqinchoqlar yasaydi — ular o‘z mahsulotlarini sayyohlarga sotib, pul ishlaydi. Sigir go‘ngi, bambuk va shox-shabbalardan qurilgan kulbalar tomiga quyoshda quritish uchun kiyimlar ilingan. Bolalar kunduzgi uyquda. Sukunatni qushlar ovozi buzadi. Bu oddiy Samburu qishlog‘i, faqat bir narsasi bilan farq qiladi: bu yerda birorta ham erkak yashamaydi.

Ayollar jurnalistni ashula va raqslar bilan qarshi oldi. Ular an’anaviy samburu kiyimlari — naqshli yubkalar, yorqin ko‘ylaklar kiyishgan, yelkalariga kang (rangli yopinchiq) tashlab olgan. Bo‘yinlariga rang-barang munchoqlardan yasalgan marjon taqqan.