Jahon | 23:46 / 02.12.2024
1532
3 daqiqa o‘qiladi

Keyingi 30 yil ichida millionlab insonlar «zamonaviy qullik» sharoitiga tushib qolishi mumkinligi aytildi

Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot va Walk Free jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 50 milliondan ortiq inson zamonaviy qullik sharoitida kun kechirmoqda. Bu dunyo aholisining 0,6 foizi demak.

Foto: Anadolu

Dunyoda 50 milliondan ortiq inson «zamonaviy qullik» sharoitida bo‘lib, iqlim o‘zgarishi tufayli yaqin 30 yilda yana millionlab odamlar ushbu xavfga duch keladi.

Anadolu agentligining yozishicha, qullik 200 yildan ko‘proq vaqt oldin rasman taqiqlangan bo‘lsada, «zamonaviy qullik» hodisasi butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir qiluvchi jiddiy inson huquqlari muammosi bo‘lib qolmoqda.

Majburiy mehnat, qarzdorlik, jinsiy ekspluatatsiya, majburiy nikoh, odam savdosi, bolalar mehnati va bolalarga nisbatan tazyiq — bularning barchasi global ko‘lamda surunkali muammoga aylangan zamonaviy qullikning shakllaridir.

Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot va Walk Free jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 50 milliondan ortiq inson zamonaviy qullik sharoitida kun kechirmoqda. Bu dunyo aholisining 0,6 foizi demak.

Ularning 28 millioni majburiy mehnatga, 22 milliondan ortig‘i esa majburiy nikohga duch kelgan bo‘lib, «zamonaviy qullar»ning uchdan ikki qismi — ayollar, jumladan, 15 yoshgacha bo‘lgan qizlardir.

YUNISEF ma’lumotlarida keltirilishicha, dunyoda og‘ir mehnatga jalb qilingan 160 milliondan ortiq bola bor. Ularning har to‘rt nafardan bittasi sog‘liq uchun zararli, jumladan, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar qazish va tekstil sanoatida faoliyat yuritadi.

Bundan tashqari, 30 millionga yaqin migrant bolalar odam savdosi va jinsiy qullik xavfi ostida. Zamonaviy qullikning eng yuqori darajasi Janubiy Osiyo, Afrika va Xitoyda kuzatilmoqda. Birgina Hindistonning o‘zida majburiy mehnatga 11 milliondan ziyod inson jalb etilgan. Aftikada 9 millionga yaqin «zamonaviy qul»lar yashasa, Yaqin Sharqda ularning soni 5 milliondan oshadi.

Iqlim o‘zgarishi zamonaviy qullik asosiy omillaridan biriga aylangan. BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikadagi 216 million inson tabiiy ofatlar tufayli o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘ladi — bu esa ularning qullik xavfi ostida qolish ehtimolini oshiradi.

Mavzuga oid