O‘zbekiston | 22:57 / 03.12.2025
3974
7 daqiqa o‘qiladi

Ekologiya – nihoyat siyosiy muammoga aylanyaptimi?

O‘zbekistonda ekologiya masalasiga davlatning munosabati vanihoyat keskin o‘zgargandek ko‘rinmoqda. So‘nggi haftalarda havo sifati muammosi siyosiy kun tartibidagi eng ustuvor masalalardan biriga aylandi. Bunday uyg‘oqlik va qat’iyatlilik aslo susaymasligi, ilmiy asoslangan tarzda va huquqiy doirada davom etishi – alaloqibat farzandlarimiz va nevaralarimizning hayot sifatini belgilovchi bosh omil bo‘ladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xalqaro tashkilotlar hisobotlariga ko‘ra, 2022 yilda ekologiya sababli 32 million odam o‘z uy-joylarini tashlab, ekologik qulayroq joylarga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan.

Ba’zi xalqaro institutlarga ko‘ra, 25 yildan keyin – 2050 yilga borib, 1,2 milliardga yaqin inson ekologik qochqinga aylanishi mumkin ekan. Ya’ni aynan ekologik omillar sabab yo o‘z mamlakati ichida yashash joyini o‘zgartiradi, yoki xorijga ko‘chib ketishga majbur bo‘ladi. Nazarimda, 1,2 mlrd – bu juda katta raqam, lekin eng kamida yuzlab million inson ekstremal ekologik vaziyat sababli boshqa joylarga ko‘chishga majbur bo‘lishi – turgan gap.

Ekologiya – bir qarashda siyosiy, geosiyosiy mavzu emasdek. O‘tmishda ekologiya u qadar o‘tkir siyosiy mavzu emasdi. Lekin kelajakda ekologiya – eng o‘tkir siyosiy va geosiyosiy mavzu, muammo bo‘lib boraveradi.

Dunyo davlatlarida “barqaror rivojlanish” nomli konsepsiya bor. Bu konsepsiyaga ko‘ra, iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy farovonlik hamda tabiatni asrab-avaylash o‘rtasida muvozanat bo‘lishi kerak. Agar iqtisodiy o‘sish va odamlarning turmush tarzi yaxshilanishi tabiatga katta zarar yetkazsa va muvozanat buzilsa, insonlarning, jamiyatlarning yaxshi yashashi illyuziya bo‘lib qoladi. Ekologiya – bu nafaqat toza havodan nafas olish, toza suv ichish, balki ekologik toza mahsulotlar iste’mol qilish hamdir. Agar odamlar iste’mol qilayotgan mahsulotlar sun’iy kimyoviy tarkibga to‘la bo‘lsa, suvda xlor va boshqa kimyoviy moddalar miqdori ko‘p bo‘lsa, havo chang va g‘uborlarga to‘lib toshgan bo‘lsa – odamlarning farovonligi mutlaq tatimaydi.

O‘tgan juma kuni O‘zbekiston masjidlarida odamlar yomg‘ir so‘rab jamoat namozini o‘qishdi. Bu – o‘zbekistonlik musulmonlar xotirasida oldin kuzatilmagan tajriba bo‘ldi. Bu amaliyot ham O‘zbekistondagi ekologik vaziyat taranglashayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda besh yo‘nalish bo‘yicha ekologik muammolar kuzatiladi.

Birinchisi – Orol dengizining qurishi. Ajdodlarimiz Orolni “dengiz” deb bilishgan, aslida Orol – bu dunyodagi eng katta ko‘llardan edi. Biroq texnogen, ya’ni inson omili sabab, bu katta ko‘l qurib bitdi. Keyingi yarim asrda Orol dengizi 16 baravarga toraydi. Orol qurigach, uning maydonidan qum aralash tuz ham ko‘chmoqda.

Ikkinchisi – tuproqning sho‘rlanishi va cho‘llashuv muammosi. O‘zbekiston umumiy maydonining 70 foizini cho‘l hududlari tashkil qiladi. Bu qadar katta cho‘l xududlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga, qishloq xo‘jaligi va aholi turmush tarziga jiddiy cheklovlar kiritadi. Yaqin o‘tmishdagi paxta monopoliyasi – yerlar yaroqsizlanishi sabablaridan biri edi.

Uchinchisi – havoning ifloslanishi. O‘zbekistonda iqtisodiy dinamika sababli aholida avtomobillar soni shiddat bilan ko‘paymoqda. 2024 yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatimizda 4 milliondan ortiq avtomobil bor. Shuningdek, havoga chiqindi chiqaruvchi 800 ga yaqin yirik va o‘rta korxonalar ham bor. Avtomobillardan yiliga 1 million 300 ming tonna chiqindi chiqsa, korxonalardan 900 ming tonna chiqindi chiqadi.

To‘rtinchisi – suv resurslari taqchilligi. O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yilda aholimiz 20 million atrofida edi, o‘sha vaqtda Amudaryo va Sirdaryoda suv miqdori hozirgiga nisbatan ancha ko‘p edi. Bugun esa aholimiz 38 milliondan oshdi, lekin daryolardan Orolga suv deyarli yetib bormayapti. Daryolardagi suvlarning 80 foizi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Suv taqchilligi bugunning o‘zida juda katta muammoga aylanib bo‘lgan. Kelajakda esa bu muammo faqat o‘tkirlashib boradi.

Beshinchisi – maishiy va sanoat chiqindilari, daraxtlar va o‘rmonlar kesilishi muammosi. Afsuski, haliga qadar chiqindilarni qayta ishlash uchun zamonaviy korxonalar yetishmaydi. Shaharlarda daraxtlar kesilishi achinarli muammoligicha qolmoqda.

Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonning 26 ta shahrida havoni muttasil o‘lchab turuvchi 66 ta stansiya mavjud. Shu sabab yozga nisbatan qishda Toshkent havosi ifloslanib ketishini aniq statistik ma’lumotlar asosida bilamiz. Chunki qishda isitish tizimlari sabab, havoga yanada ko‘proq chiqindilar chiqadi.

Dunyo davlatlari, ayniqsa rivojlangan davlatlar o‘zlari uchun ekologik siyosiy madaniyatni rivojlantirib borishmoqda. Yirik demokratiyalarda yashillar partiyalari, ekologik partiyalar – eng qudratli yeki ta’siri yuqori bo‘lgan siyosiy kuch sifatida ko‘riladi. Chunki ular tushunishdiki, bundan keyin ekologiya hammani borgan sari kuchliroq bezovta qilib boradi. O‘zbekistonda esa hozircha Ekologiya partiyasining roli sezilayotgani yo‘q.

O‘zbekistonda ekologik muammolar butun jamiyatni, avvalo davlat institutlarini chuqur tashvishga solishi kerak. Oxirgi ikki haftada ekologik vaziyat bo‘yicha keskin choralar ko‘rish bo‘yicha bir nechta prezident farmonlari imzolandi, Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva yig‘ilishlar o‘tkazib, farmonlar ijrosi bo‘yicha maxsus komissiya tuzdi.

Mas’ullarga ko‘ra, ekologik infratuzilmani rivojlantirish (ko‘kalamlashtirish, ariqlar qazish va suvlashtirish); texnogen manbalar faoliyatini optimallashtirish (issiqxonalar, istish tizimlari, sanoat korxonalari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish) hamda javobgarlikni taqsimlash nuqtai nazaridan tashkiliy qarorlar ijrosi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Bir vaqtlar ko‘pchilik “behuda vahima” deb o‘ylagan ekologiya masalalari bugunga kelib real va hammani tashvishga solayotgan muammoga aylanib ulgurdi. Davlat institutlari tashabbusni qo‘lga olayotgandek. Va bu tashabbuskorlik bardavom bo‘lishi, so‘nib qolmasligi, yanada kengayishi va endi butun bir jamiyatda ham ekologik siyosiy zehniyat, madaniyat shakllanishi kerak.

Bu – kelajakda farzandlarimiz, avlodlarimiz qanday havodan nafas olib, qanday suv ichishini, ular qanchalik sog‘lom va baxtli bo‘lishini belgilab beradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi

Mavzuga oid