Zamonaviy sug‘orish tizimlari mamlakatimiz bog‘dorchilik sohasiga kirib kelganiga bir necha o‘n yil o‘tgani, qolaversa, tomchilab sug‘orish tizimining ariqdan sug‘orishga nisbatan yaqqol afzalliklariga qaramay, bu jarayon bog‘dorchilikda kutilganidan sust kechmoqda. Vaholanki, O‘zbekistonda suv resurslari tobora kamayib borayotgani bois mamlakat qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish muhim ahamiyat kasb etadi.
Taniqli ekspert, bog‘dorchilik sohasidagi xalqaro mutaxassis Shuhrat Abrorovning so‘zlariga ko‘ra, shu kunga qadar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi sust tatbiq qilinishi va bundan keyin ham sezilarli darajada tezlashmasligiga bir qator sabablar bor.

«Bugungi kunda O‘zbekistondagi mevali bog‘larning umumiy maydoni 360 ming gektarni tashkil qiladi (uzumzorlar bundan mustasno), shundan 60 ming gektar bog‘larda tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilingan, qolgan 300 ming gektar bog‘lar ariqdan sug‘oriladi.
Tomchilatib sug‘orish texnologiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi va uning mamlakatimiz bog‘larida joriy qilinishi tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, mazkur tizimning afzalliklarini intensiv bog‘larda tatbiq qilingan zamonaviy loyihalar misolida 2008 yillardan boshlab ko‘ra boshladik. 2008-2010 yillarda Samarqand viloyatida tomchilatib sug‘orish tizimli intensiv olma bog‘lari barpo etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirila boshlandi, keyinchalik ularning maydoni yanada kengaydi», — deydi ekspert.

Shuhrat Abrorov tomchilatib sug‘orish texnologiyasining mamlakatimiz bog‘dorchilik sohasida shu kunga qadar sust tatbiq qilinishi va bundan keyin ham sezilarli darajada tezlashmasligiga sabab sifatida bir necha omillarni sanab o‘tdi:
Birinchidan, fermerlarda konservativlik, yangilik va o‘zgarishlarga tayyor emaslik, qarshi kayfiyat hissi bor. Bunday vaziyat bilimsizligimizdan kelib chiqadi. Yangi texnologiyalarning foydayu afzalliklari, qiymati va qo‘llanishi sabablarini tushunganimiz sayin qarshilik hissi chekina boshlaydi va uni faoliyatga tatbiq qila boshlaymiz. Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinishida ham xuddi shu holat kuzatildi, ushbu tizimning afzal tomonlarini tushunib yetish va uni bog‘dorchilikda keng qo‘llaguncha ancha vaqt ketdi.












