Jahon | 18:39
8469
5 daqiqa o‘qiladi

«Migrantlarga talablarni kuchaytirish kerak» – Putin Rossiyaga migratsiya oqimini kamaytirish va tartibga solish haqida

Shu bilan birga, u Rossiyadagi qurilish va sanoat sohalarida yuz minglab ishchi kuchi yetishmayotganini qayd etgan.

Foto: Kremlin.ru

19 dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat aholisi va jurnalistlar bilan bilan an’anaviy jonli muloqot o‘tkazdi. Tadbirda Rossiyadagi migratsiya masalasi ham ko‘tarildi. Putin Rossiyaga Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlar oqimini kamaytirishning 2 ta yo‘lini sanadi.

«Bu juda o‘tkir va nozik savol, nafaqat Rossiya uchun, balki Yevropa uchun ham yanada o‘tkirroq masala hisoblanadi. Bir tarafdan, bizda ishchi kuchi yetishmayapti, men aytdim bizda 2-3 foiz ishsizlik… Menga biznes doirasi vakillari va vazirlikdagilar qurilish sohasida, sanoatda qancha ishchi kuchi yetishmayotgani haqida ma’lumotlar berishadi. U yerda raqamlar yuz minglarga boradi. Bu faktdan qochib bo‘lmaydi. Bundan chiqishning qanday yo‘llari bor?

Avvalo, mehnat migrantlari sonini kamaytirish uchun mehnat samaradorligini oshirish kerak. Ko‘plab malakasiz ishchi kuchi va mehnatini talab qilmaydigan texnikalarni qo‘llashga o‘tish kerak. Shu holatda yuqori texnologik mehnat faoliyatiga urg‘u berish kerak. Va shuning bilan malakasiz mehnat uchun shuncha ko‘p migrantlarni jalb qilishga hojat bo‘lmaydi. Bu, birinchidan.

Ikkinchidan, agar [migratsiyani kamaytirish] ilojsiz bo‘lsa, Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz bilan odamlarni shunga tayyorlash kerak. U yerdagi rus tili maktablari tizimini, rus tilini o‘rganishni rivojlantirish. Bu yerga ishlashga kelmoqchi bo‘lganlarga bizning odatlarimiz, Rossiyadagi qonun talablari haqida tushuntirish. Va albatta, bizning hududda bo‘lib turganlarga talablarni kuchaytirish kerak. O‘zlari orasida paydo bo‘lgan va yashayotgan odamlarni hurmat qilishni talab qilish kerak. Bu huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ishi», — degan Putin.

Bundan tashqari, Rossiya yetakchisi ichki ishlar vazirligi tizimida migratsiyani tartibga solish va boshqarish bo‘yicha qudratli tuzilma bo‘lishi kerakligini aytgan.

«Bu yerda ikkita alohida komponent mavjud: iqtisodiy va huquqni muhofaza qilish. Va bu ikki komponentni birlashtirish kerak.

Migratsiya masalasida alohida bo‘lim tashkil qilish kerakmi – bir paytlar bizda ham bor edi. Yoki uni Ichki ishlar vazirligi tarkibida qoldirish kerakmi, degan masala ko‘p bo‘ldi. Biz Ichki ishlar vazirligi tizimidagi [migrantlar bilan ishlaydigan] ushbu tarkibiy qismni kuchaytirishimiz kerak. Alohida qudratli bo‘linma, alohida markaz bo‘lishi kerak – xoh ichki ishlar vazirligida, xoh ichki ishlar vazirligi qoshida bo‘lsin. Migrantlar bilan ishlaydigan kompleksga hamkorlikda ishlash uchun xo‘jalik boshqarmalari, tegishli vazirliklar va hududlardan vakillar berilishi kerak. Migratsiya bog‘liq katta oqimni tartibga solish mintaqaviy darajada qolishi va bularning barchasi bir markazdan boshqarilishi kerak. Keyinroq balki bu alohida tashkilot (vazirlik) sifatida ochilishi mumkin», — deydi Putin.

Shuningdek, Putin migrantlarni kamaytirish borasida qilinayotgan ishlarga ham to‘xtalgan.

«Bu borada qadamlar tashlanmoqda. Davlat dumasi migrantlarning rus tilini bilmaydigan bolalarini maktablarga qabul qilmaslik borasida qonun qabul qildi. Bu tushunarli, agar bola rus tilini bilmasa qanday qilib o‘qitiladi? U bilan kimdir alohida rus tilini o‘rgatish uchun shug‘ullanishi kerak, kim bunga pul to‘laydi?

Shuning uchun kelayotganlar ham zulmga uchramasligi, tibbiy va ijtimoiy yordam olish huquqlari bo‘lishi kerak. Va bu xarajatlar mahalliy aholi yelkasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushmasligi kerak. Odamlar o‘zini noqulay holatda his qilmasligi kerak. Savollar ko‘p. Hukumat buni yechish uchun ko‘proq e’tibor qaratishi kerak», dedi Putin jonli muloqotda.

Mavzuga oid