O‘zbekiston prezidenti 2024 yil 27 dekabr kuni «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Qonun imzolanganidan 3 oy o‘tgach, 2025 yil 29 martdan qonuniy kuchga kiradi.

Hujjatda davlat sirlari bilan bog‘liq asosiy tushunchalarga quyidagicha ta’rif berilgan:

  • davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sir ‒ oshkor etilishi O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar;
  • davlat sirlari ‒ oshkor etilishi O‘zbekistonning xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan ma’lumotlar;
  • xizmat siri — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar faoliyatining har qanday sohasiga, shu jumladan harbiy, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-texnik, ishlab chiqarish, razvedka, kontrrazvedka, tezkor-qidiruv faoliyatiga taalluqli bo‘lgan, oshkor etilishi ushbu tashkilotlarning manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar. Xizmat siri davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan sirning tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin.

Davlat sirlari sohasidagi yagona davlat siyosati O‘zbekiston prezidenti tomonidan belgilanadi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi davlat sirlari sohasidagi normativ-hujjatlarni ishlab chiqish, tartib-qoidalarni belgilash kabi vakolatlari bor. Hukumat, shuningdek, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlarini chet davlatlarga, xalqaro tashkilotlarga yoki yuridik shaxslarga berishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalarini ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir. Qonunni ham DXX ishlab chiqqan. Maxsus vakolatli davlat organi davlat sirlari bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish uchun boshqa tashkilotlarga ruxsat beradi, bu tashkilotlarning sohadagi faoliyati, maxfiylik rejimi ustidan nazorat qiladi. DXX davlat sirlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini oladi, ularni aniqlaydi, fosh etadi va tergov qiladi.