Jahon | 08:54 / 06.03.2025
5674
2 daqiqa o‘qiladi

Makron: Parij ittifoqchilarini yadro quroli bilan himoya qilish imkonini ko‘rib chiqadi

Rossiyaning Ukrainadagi urushi «global mojaro»ga aylanib ketdi va Yevropa xavfsizligiga tahdid sola boshladi, dedi Fransiya prezidenti xalqqa murojaatida. Parij Yevropa ittifoqchilarini yadro quroli bilan himoya qilish imkonini ko‘rib chiqadi.

Foto: Videodan kadr

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada keng ko‘lamli urush olib borayotgan Rossiya butun Yevropa uchun tahdidga aylanganini aytdi. 5 mart, chorshanba kuni televideniye orqali xalqqa murojaatida u Rossiya Shimoliy Koreya askarlari va Eron harbiy texnikasidan foydalangan holda Ukrainadagi urushni «global mojaro»ga aylantirganini ta’kidladi. Bundan tashqari, Makronning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya o‘zining harbiy salohiyatini faol oshirmoqda. «Rossiya Ukrainada to‘xtab qolishiga kim ishonadi? Rossiya allaqachon Fransiya va Yevropa uchun tahdidga aylangan», — dedi Fransiya prezidenti.

Makron Amerika Qo‘shma Shtatlari «biz tomonda qolishiga» ishonishni istashini, ammo Yevropa buning aksiga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Fransiya rahbari Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan keyin Rossiya va AQSh o‘rtasidagi yaqinlashuvni «yangi davr» deb atadi.

Makron: Fransiya yadroviy soyabon ostiga ittifoqchilarini olishga tayyor

Fransiya Yevropa ittifoqchilarini yadro quroli bilan himoya qilishni ko‘rib chiqadi, dedi Makron. U, shuningdek, Yevropada yadroviy to‘siq bo‘yicha «strategik munozara» o‘tkazishga chaqirib, Germaniya kansleri Fridrix Mersning Berlin, London va Parij o‘rtasida Yevropa qit’asidagi yadroviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar uchun «tarixiy chaqiruvi»ni eslatib o‘tdi. Emmanuel Makron Fransiya yadro qurolini qo‘llash bo‘yicha har qanday qaror respublika prezidenti ixtiyorida qolishini qo‘shimcha qildi.

Fransiya va Buyuk Britaniya Yevropadagi yagona ikki yadroviy davlatdir, deb xabar bermoqda Reuters.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid