Jahon | 20:08 / 06.03.2025
32200
7 daqiqa o‘qiladi

Moskvadagilar Emmanuel Makronga javob qaytardi

Peskov Fransiya urush haqida o‘ylayotgani, Lavrov esa Napoleon va Hitler - Makronning o‘tmishdoshlari ekanini aytdi.

Foto: BFMTV

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov har kungi matbuot brifingida Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Yevropa xavfsizligini kuchaytirish zarurligi va Ukrainaning urushdagi mag‘lubiyatiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytgan xalqqa murojaatini keskin tanqid qildi. Peskov Makronning chiqishini «juda va juda ziddiyatli» deb atadi.

Nutq, haqiqatan ham, o‘ta ziddiyatli. Uni tinchlik haqida o‘ylaydigan davlat rahbarining nutqi sifatida qabul qilish qiyin. Aytilganlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Fransiya ko‘proq urush haqida, urushni davom ettirish haqida o‘ylamoqda.

Peskov, shuningdek, Makron o‘z nutqida «Rossiyani deyarli dushman, Fransiyaning raqibi deb atagani»dan, biroq «NATO harbiy infratuzilmasi doimiy ravishda Rossiya chegaralari tomon sezdirmay yaqinlashgani» haqida gapirmaganidan nolidi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham xuddi shunday ohangda munosabat bildirdi. U Makronning yadro quroli haqidagi bayonotlarini «Rossiyaga tahdid» deb bilishini aytdi hamda Napoleon va Adolf Hitlerni «Makronning o‘tmishdoshlari» deb 
atadi.

«Rossiyaga qarshi jang qilishni xohlagan o‘tmishdoshlari Napoleon, Hitlerdan farqli o‘laroq, janob Makron unchalik nozik ishlamayapti, chunki ular to‘g‘ridan to‘g‘ri „Rossiyani zabt etishimiz kerak, Rossiyani mag‘lub etishimiz kerak“ deyishardi. Aftidan, u ham xuddi shu narsani xohlaydi, lekin negadir u Fransiyani mag‘lub etmasligi uchun Rossiya bilan kurashish zarurligini, Rossiya Fransiya va Yevropaga tahdid solayotganini aytadi», — deydi rossiyalik vazir.

Lavrov, shuningdek, Moskva Ukrainaga xorijiy tinchlikparvar kuchlar kiritilishi masalasida «murosaga o‘rin ko‘rmayotgani»ni ochiq aytdi. «Bu muhokama ochiqchasiga dushmanlik maqsadida olib borilmoqda. Ular bu nima uchun kerakligini yashirmaydi», — dedi Rossiya TIV rahbari.

Bungacha Rossiya hukumati Ukrainada tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish g‘oyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri rad etmayotgandi. Xususan, Peskov shunchaki bunday ehtimol haqida gapirishga hali erta ekanini ta’kidlash bilan cheklangan.

Makronning murojaati

Makron 5 mart kuni kechqurun millatga murojaat bilan chiqdi. U Rossiyani «Fransiya va Yevropa uchun tahdid» deb atab, Moskvaning «Ukrainada to‘xtashi»ga shubha bildirdi.

«Biz ukrainaliklarga qarshilik ko‘rsatishda yordam berishda davom etishimiz kerak, toki ular Rossiya bilan o‘zlari va barchamiz uchun mustahkam tinchlik haqida kelisha olguncha. Shuning uchun tinchlik yo‘li Ukrainadan voz kechish orqali bo‘lishi mumkin emas. Butunlay aksincha.

Tinchlikka har qanday yo‘l bilan va Rossiya diktaturasi ostida erishib bo‘lmaydi. Tinchlik Ukrainaning taslim bo‘lishi evaziga bo‘lmasligi kerak. Tinchlik uning halokati bilan bo‘la olmaydi. Tinchlik o‘t ochishni to‘xtatib turishni ham anglatmaydi… Bizda o‘tmish tajribasi bor. Rossiya 2014 yilda Ukrainaga bostirib kirishni boshlagani va o‘shanda biz Minskda o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olganimizni unutmasligimiz kerak. O‘sha Rossiya bu sulhga rioya qilmadi. Bugun biz Rossiyaning bir so‘ziga ham ishona olmaymiz», — degan u.

Makron bu Yevropa kuchlarini joylashtirishni ham talab qilishi mumkinligini aytib, «bu kuchlar oldingi safda jang qilmasligi, sulh imzolangandan so‘ng unga to‘liq rioya etilishini kafolatlash uchun o‘sha yerda bo‘lishi»ni qo‘shimcha qilgan.

Fransiya prezidenti, shuningdek, «Yevropadagi ittifoqchilar bilan yadroviy tiyib turish bo‘yicha» munozara boshlashga qaror qilganini aytdi. Fransiya Yevropa Ittifoqida yadro quroliga ega bo‘lgan yagona davlatdir. Avvalroq Makron Parij Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun Yevropaning boshqa davlatlariga o‘z hududida yadro qurolini joylashtirishni taklif qilmoqchi ekanini aytgandi.

Fransiya aholisi (Germaniya aholisidan farqli o‘laroq) Ukrainaga yordamni davom ettirish tarafdori

Fransiya aholisining deyarli uchdan ikki qismi (64 foizi) Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish tarafdori, deyiladi BFMTV teleradiokompaniyasi buyurtmasiga binoan Elabe sotsiologiya instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada. So‘rovnoma Oq uyda Ukraina va AQSh prezidentlari o‘rtasida ro‘y bergan tortishuvdan so‘ng o‘tkazilgan.

Qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi haqida gapirganlarning 44 foizi uni hozirgi darajada saqlab qolish kerak deb hisoblaydi, 20 foizi esa uni oshirish kerakligini aytadi. Respondentlarning 18 foizi qo‘llab-quvvatlashni qisqartirish zarurligini, 17 foizi esa butunlay to‘xtatish zarurligini ta’kidlagan.

BFMTV qayd etishicha, 2024 yil yozidan boshlab Fransiyaning Ukrainani yanada qo‘llab-quvvatlash tarafdori bo‘lgan aholisi soni ortib bormoqda (Yevropaning boshqa mamlakatlarida teskari tendensiya kuzatilmoqda).

Fransiya aholisining aksariyati Ukrainaga fransuz tinchlikparvar kuchlarini yuborish g‘oyasini ham qo‘llab-quvvatlamoqda — ammo faqat harbiy harakatlar to‘xtatilib, Rossiya bilan tinchlik shartnomasi imzolangandan keyin (67 foiz). Janglar davom etayotgan bir paytda esa, respondentlarning 68 foizi Ukrainaga qo‘shin yuborishni nomaqbul deb hisoblaydi.

Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi masalasida fransuzlarning fikrlari deyarli teng taqsimlangan: 35 foizi Kiyev Yevropa Ittifoqiga urushdan keyin, 31 foizi — hozir qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlaydi, 33 foizi esa bunga umuman qarshi.

Fransiya aholisining Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirish zarurligi haqidagi fikri Yevropa Ittifoqining boshqa yirik iqtisodiyoti — Germaniya aholisining fikridan ancha farq qiladi. Fevral oyi oxirida Germaniyada bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari fonida o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, nemislarning deyarli yarmi (46 foiz) bo‘lajak hukumat Kiyevga moliyaviy yoki harbiy yordam ko‘rsatishini istamaydi. Mamlakat aholisining atigi 28 foizi qurol-yarog‘ va pul bilan qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishi kerak, deb hisoblaydi, mos ravishda 7 va 8 foizi esa yordam faqat moliyaviy yoki faqat harbiy bo‘lishi kerakligini bildirgan.

Mavzuga oid