Jahon | 23:50 / 11.03.2025
2400
2 daqiqa o‘qiladi

X ijtimoiy tarmog‘i kiberhujumga uchradi. Foydalanuvchilar bir necha soat uzilishlardan shikoyat qildi

Tarmoqqa egalik qiluvchi Ilon Maskka ko‘ra, bu safar katta miqdordagi resurslardan foydalanilgan holda kiberhujum uyushtirilgan.

Foto: Getty Images

X ijtimoiy tarmog‘iga (sobiq Twitter) «keng ko‘lamli kiberhujum» uyushtirildi. Bu haqda tarmoqqa egalik qiluvchi Ilon Mask ma’lum qildi.

«Bizga har kuni hujum qilishadi, ammo bu safar katta miqdorda resurslar ishga solindi. Bunga muvofiqlashtirilgan katta guruh va/yoki davlat jalb etilgan. Kuzatamiz», — deb yozadi Mask.

Downdetector sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 10 mart kuni X ijtimoiy tarmog‘i faoliyatida uchta global uzilish sodir bo‘lgan. Foydalanuvchilar bir necha soat sayt va ilovada muammolar kuzatilganini yozmoqda.

Newsweek’ning yozishicha, kiberhujum uchun mas’uliyatni Dark Storm Team hakerlar guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Dark Storm Team 2023 yilda tashkil etilgan bo‘lib, yuqori darajadagi kiberhujumlarni uyushtirish bilan shug‘ullanib keladi. Hakerlar guruhi Falastin tarafdori ekani va NATO davlatlari, Isroil hamda Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga hujum qilishi bilan ajralib turadi.

Mavzuga oid