Biznes | 21:42
1103
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask - insoniyat tarixidagi birinchi trillioner

SpaceX kompaniyasi o‘z aksiyalarini fond birjasida muvaffaqiyatli joylashtirganidan so‘ng, Maskning boyligi 1 trillion dollardan oshdi.

Foto: Global Look Press/CNP/AdMedia

2026 yil 12 iyunda SpaceX kompaniyasi IPO — aksiyalarni fond birjasida birlamchi ommaviy joylashtirishni muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Shundan so‘ng, Ilon Maskning boyligi 1 trillion dollardan oshdi va SpaceX, Tesla, xAI va Neuralink asoschisi rasman dunyodagi birinchi trillionerga aylandi. Bu haqda Forbes, Bloomberg va Reuters nashrlari xabar berdi.

SpaceX tarixdagi eng yirik ommaviy aksiya joylashtirishlardan birini amalga oshirdi. Kompaniya aksiyalarning har birini 135 dollardan joylashtirib, 75 milliard dollar mablag‘ jalb qildi. Shu bilan birga, IPO paytida SpaceX kompaniyasining bahosi (valuation) taxminan 1,77 trillion dollarni tashkil etdi.

SPCX aksiyalari savdolarning dastlabki soatlaridayoq sezilarli o‘sishni namoyish etib, 150-166 dollar darajasiga ko‘tarildi.

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasidagi ulushi (opsionlar va super ovozli aksiyalarni hisobga olgan holda taxminan 42 foiz) faqat joylashtirish narxida 866 milliard dollardan ortiq baholanmoqda. Tesla aksiyalari paketi va boshqa aktivlarni hisobga olgan holda, tadbirkorning umumiy boyligi 1 trillion dollardan oshdi.

IPO jarayonidan oldin, Forbes va Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 780-826 milliard dollar atrofida baholangan edi.

Maskning boyligi asosan «qog‘ozda» qolmoqda - aktivlarning katta qismi lock-up kelishuvlari bilan to‘sib qo‘yilgan. Biroq, trillionlik ko‘rsatkichga erishishning o‘zi tarixiy voqea bo‘lib, u allaqachon yangi texnologik davrning ramzi deb atalmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid