Jahon | 22:32 / 19.03.2025
4113
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp AQShning Yevropadagi NATO kuchlari qo‘mondonligidan voz kechishi mumkin

Vashington qariyb 75 yildan beri NATO birlashgan qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondonini tayinlash bo‘yicha eksklyuziv huquqdan foydalanib keladi.

Foto: NATO

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Yevropadagi NATO kuchlari qo‘mondonligidan voz kechish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, NBC News xabar berdi. Bungacha qariyb 75 yil davomida Vashington NATO birlashgan qurolli kuchlarining oliy bosh qo‘mondoni (SACEUR) lavozimiga to‘rt yulduzli generalni tayinlash bo‘yicha eksklyuziv huquqga ega bo‘lgan.

Telekanal suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, AQShning Yevropadagi NATO qo‘mondonligidan voz kechishi masalasi Pentagon tomonidan jangovar qo‘mondonliklar va shtablarni qayta tuzish doirasida muhokama qilinmoqda. Hozirda ushbu lavozimda faoliyat yuritayotgan general Kristofer Kavoli AQShning Yevropa qo‘mondonligi rahbari ham hisoblanadi. U, xususan, Rossiya tajovuzi fonida Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamni muvofiqlashtirish bilan shug‘ullanadi. Umumiy hisobda Pentagon 11 ta harbiy qo‘mondonlikdan beshtasini birlashtirib yuborishi mumkin, jumladan, Yevropa va Afrika qo‘mondonliklarini, ularning shtabi Germaniyaning Shtutgart shahrida joylashadi.

AQShning bu kabi harakati har yili 270 million dollargacha mablag‘ni tejashga yordam beradi, bu esa mamlakat harbiy budjetining atigi 0,03 foizini tashkil etadi. Agar AQSh SACEUR lavozimiga boshliq tayinlashdan voz kechsa, NATOning boshqa a’zolari yangi bosh qo‘mondonni qaysi mamlakatdan tayinlash masalasini hal qilishlariga to‘g‘ri keladi. 2009-2013 yillarda NATO bosh qo‘mondoni bo‘lgan Jyeyms Stavridis mazkur qaror AQShning alyansdagi ta’sirini zaiflashtirishi va NATOdan to‘liq chiqish sari birinchi qadam sifatida qabul qilinishi mumkinligini ta’kidladi.

Ta’kidlanishicha, bunga qadar Tramp AQShning NATOdagi ishtirok formatini o‘zgartirishni ko‘rib chiqa boshlagan. Telekanal manbalariga ko‘ra, Oq uy rahbari yordamchilari bilan alyans a’zolari orasida mudofaa xarajatlari belgilangan 2 foiz darajasiga yetgan davlatlarga ustunlik berishni muhokama qilgan. Shu mezonga qarab AQSh qaysi ittifoqchilar bilan harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini tanlaydi. Shu bilan birga, NBC News suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, AQSh Yevropadagi ishtirokini qisqartirishi mumkinligi haqida Yevropa poytaxtlarini allaqachon ogohlantirgan. Shu bilan birga, Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi Trampning NATO oldidagi majburiyatlariga, jumladan, alyansning 5-moddasiga sodiq ekanini bildirgan.

2014 yil sentabrda NATO a’zolari uchun mudofaa xarajatlarini YaIMning kamida 2 foiziga yetkazish talabi joriy etilgan va bu ko‘rsatkichga erishish uchun 10 yil muddat berilgan edi. Biroq 2024 yil oxiriga kelib, atigi 32 ta davlatdan 23 tasi ushbu talablarga javob bera olgan. Xarajatlarni yetarli darajada oshira olmaganlar qatorida Xorvatiya, Portugaliya, Italiya, Kanada, Belgiya, Sloveniya, Lyuksemburg va Ispaniya davlatlari bor. O‘z navbatida Tramp NATO a’zolarini yaqin istiqbolda mudofaa xarajatlarini 5 foizgacha oshirishga chaqirgan.

Mavzuga oid

E`lonlar