O‘zbekiston | 22:26 / 21.03.2025
16373
3 daqiqa o‘qiladi

 “Tashabbusli budjet” g‘oliblari e’lon qilindi

Respublika bo‘yicha 2 369 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ularni moliyalashtirishga 3,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi. Eng ko‘p ovozni Yakkabog‘ tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 14 634 ta. Ohangaron shahridan qo‘yilgan loyiha esa atigi 26 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan.

“Tashabbusli budjet” jarayonining 2025 yildagi 1-mavsumi yakunlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 21 mart kuni g‘olib loyihalar ro‘yxatini e’lon qildi.

Jarayonlarda respublika bo‘ylab 10 mln 450 mingta ovoz berilgan va 3,2 trln so‘mlik 2 369 ta loyiha g‘olib deb topilgan. Joriy mavsumda bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 milliard 500 million so‘mni tashkil etdi.

Internetda tarqalgan videolarda g‘olib bo‘lgan mahallalar buni o‘yin kulgi va xursandchilik bilan nishonlayotganini ko‘rish mumkin.

Respublika bo‘ylab eng ko‘p ovozni Yakkabog‘ tumanidan qo‘yilgan loyiha to‘plagan – 14 634 ta. E’tiborga molik jihati, eng ko‘p ovoz to‘plagan to‘p o‘n ikkitalikdagi loyihalarning hammasi Yakkabog‘ tumanidan ilgari surilgan tashabbuslar.

Ohangaron shahridan qo‘yilgan loyiha esa eng kam – atigi 26 ta ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Muqaddas Xadjimuratovaning ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish o‘yicha tashabbusi shuncha ovoz to‘plagan.

Shu bilan birga, Quva tumanida fuqarolar majburiy ovoz to‘plashga jalb etilishi holati qayd etilgani sababli majburiy ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritilmoqda, o‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur tuman bo‘yicha g‘olib loyihalar qo‘shimcha ravishda e’lon qilinadi.

Ma’lumot uchun, bu yilgi 1- mavsumga 1 fevraldan start berilgandi. Loyihalar kiritish 1−20 fevral kunlari, ularni saralash 21 fevraldan 7 martgacha hamda targ‘ibot qilish 8-10 mart kunlari bo‘lib o‘tgan. Ovoz berish bosqichi esa 20 mart kuni yakunlandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, 2025 yilning 2-mavsumidan boshlab barcha mahallalar uchun g‘olib bo‘lish imkoniyatini yaratish maqsadida so‘nggi mavsumlarda ketma-ket ikki marotaba g‘olib deb topilgan mahallalar yoki tashkilotlar uchun navbatdagi ikkita mavsum doirasida loyiha kiritish imkoniyati cheklanadi.

Mavzuga oid

E`lonlar