Qamalda qolgan g‘azoliklar, qamoqqa olingan Imomo‘g‘li va koinotdagi jangni sinayotgan Xitoy - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
HAMAS qurolsizlanish talabini rad etdi
HAMAS vakili Husam Badran AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoffning qurolsizlanish haqidagi chaqiruvini «bema’nilik» deb atadi va harakat Isroil bosqini tugamaguncha qarshilikdan voz kechmasligini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklar qurolli qarshilikka xalqaro huquqlar doirasida haqli hisoblanadi. «Qarshilik — bu Falastin xalqi quroli. Bu qurol — okkupatsiyaga qarshi turish vositasi», — dedi Badran.
HAMAS G‘azodagi otashkesim va asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini tasdiqladi. Harakat vakili Abdullatif al-Kanuga ko‘ra, muzokaralar AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff hamda boshqa vositachilar orqali olib borilmoqda.
Al-Kanuga ko‘ra, kelishuvga asosiy to‘siq — Binyamin Netanyahu. Uning fikricha, Isroil bosh vaziri o‘z hokimiyatini saqlab qolishni insonlar hayotidan ustun qo‘yadi.
AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff avvalroq HAMASni radikal deb hisoblamasligini, ammo uning G‘azo siyosatida qatnashishi faqat to‘liq qurolsizlanishdan keyingina mumkinligini aytgandi.
HAMAS esa G‘azo boshqaruvida ishtirok etish niyati yo‘qligini bildirib, milliy kelishuv asosida tashkil etiladigan jamoatchilik qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Uitkoff shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu jamoatchilik fikriga qarshi harakat qilayotgani, mamlakat fuqarolari urush emas, asirlarning ozod etilishini ustuvor deb bilayotganini qayd etgan.
Bu orada G‘azodagi qurbonlar soni 50 mingdan oshgani xabar qilindi. Ularning 18 mingga yaqini yosh bolalar. Shuningdek, 12 ming 365 nafar ayollar halok bo‘lgan.
50 ming falastinlik qamalda qoldi
Isroil armiyasining Rafah shahriga yo‘llagan yangi hujumlari oqibatida 50 mingdan ortiq tinch fuqaro qamal sharoitida qoldi. Bu haqda «HAMAS» harakati rasmiy bayonot berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, hujumlar Tel as-Sulton, Saudiya va al-Beraksat mahallalariga qaratilgan. Havodan va artilleriyadan bomba yog‘dirilgani sabab yuz minglab odamlar xavfli vaziyatda qolgan. Shuningdek, Isroil kuchlari Xon Yunus janubidagi al-Mavasiy lagerini ham nishonga olgan. U yerda ko‘chirilgan aholi, shifokorlar va tez yordam jamoalari joylashgan edi.
«HAMAS» bu harakatlarni tinch aholiga qarshi qilingan jinoyat sifatida baholab, xalqaro qonunlar va insonparvarlik normalarining qo‘pol buzilganini ta’kidlamoqda.
Imomo‘g‘li qamaldi, muxolifat oyoqqa qalqdi
Istanbul sudi shahar meri Akrom Imomo‘g‘lini korrupsiya ishi bo‘yicha qamoqqa olishga qaror qildi. Sud jarayoni yakunlangunicha u hibsda qoladi.
Bu qaror Turkiya bo‘ylab tarqalayotgan norozilik namoyishlari fonida qabul qilindi. 19 martdan beri davom etayotgan namoyishlarda 300 dan ortiq kishi qo‘lga olindi. Anqara meri bu holatni «sud tizimi uchun sharmandalik», deb atadi.
Imomo‘g‘li muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchilaridan biri bo‘lib, u 2028 yili bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga asosiy raqib sifatida ko‘rilayotgan edi. U 2019 va 2024 yillarda Istanbul meri etib saylangan.
Imomo‘g‘lining oliy ma’lumot diplomi ham bekor qilindi. Endi Turkiya qonunlari saylovda qatnashish uchun oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomni ham shart qilib qo‘yadi.
Turkiyaning ko‘plab shaharlarida Imomo‘g‘lining hibsga olinishi va qamoqqa jo‘natilishiga qarshi norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar “Biz Mustafo Kamolning farzandlarimiz» degan shiorni baralla aytishmoqda.
Istanbul shahar hokimi Akram Imomo‘g‘li hibsda ekaniga qaramay, u Turkiyaning asosiy muxolifat partiyasi — Jumhuriyat xal partiyasi (SNR)ning ehtimoliy navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun nomzod ko‘rsatish bo‘yicha o‘tkazilgan praymerizida deyarli 15 million ovoz to‘pladi va JXPning yagona nomzodi etib belgilandi. Bu haqda partiya rahbari O‘zgur O‘zal ma’lum qildi.
O‘zgur O‘zal bugundan boshlab barcha yirik shaharlarning bosh maydonlarida muxolifat to‘planishini ham e’lon qildi.
Kreml muzokaralar «oson kechmasligi»ni aytmoqda
Kreml Ukraina bilan tinchlik muzokaralari «juda oson kechmaydi» deb hisoblamoqda. Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ko‘ra, urushni yakunlash muzokaralari endigina boshlangan va «juda ko‘p murakkab jihatlar» bor.
Bu bayonot Saudiya Arabistonida Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari o‘rtasida o‘tkaziladigan muzokaralar arafasida yangradi. Ushbu uchrashuvlar Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.
Bloomberg xabariga ko‘ra, Saudiyadagi uchrashuvlarda AQSh, Rossiya va Ukraina vakillari energetika obektlariga zarbalarni 30 kunga to‘xtatish va Qora dengizdagi harbiy harakatlarni cheklash yuzasidan texnik kelishuvlarni muhokama qilmoqda.
Putin esa AQSh va Ukrainaning 30 kunlik to‘liq otashkesim taklifini rad etgan, faqat energetika obektlariga hujumlarni to‘xtatishni ma’qullagan.
Peskovga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor 2023 yilda to‘xtagan Qora dengiz don kelishuvini tiklash masalasiga qaratiladi. Moskva bu kelishuvdan G‘arbning sanksiyalarni bekor qilmasligi sabab chiqqanini bildirgan edi.
Vashingtonda Rossiyaning talablari hali juda qattiq ekani, shu jumladan Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish shart qilingani qayd etilmoqda. Biroq AQSh hozircha Kiyevga yordamni cheklashga rozi emas.
Bu orada Ar-Riyodda Ukraina delegatsiyasining AQSh bilan muzokaralari yakunlandi. Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerovning so‘zlariga ko‘ra, sermahsul muloqot bo‘lib o‘tgan. Tomonlar energetika doxil asosiy masalalarni muhokama qilishgan. Shuningdek Ukraina delegatsiyasi Ar-Riyodda Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashmasligi ham ma’lum qilinmoqda. Endi bugun Ar-Riyodda Rossiya va AQSh muzokaralari bo‘lib o‘tadi.
Bloomberg manbalariga ko‘ra, toki Ukrainada otashkesimga erishilmas ekan, Putin va Trampning uchrashuvi amalga oshmasligi mumkin. Agar bunga erishilsa, Pasxa kuni ikki yetakchi uchrashuvi uchun ehtimoliy sana sifatida ko‘rilmoqda.
Tramp 500 ming muhojirni maqomidan mahrum qilmoqda
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kuba, Haiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan 530 ming muhojirning vaqtinchalik huquqiy maqomini 24 apreldan bekor qiladi. Bu Bayden davrida joriy etilgan «parol» dasturining muddatidan avval to‘xtatilishi hisoblanadi.
Mazkur maqom muhojirlarga havo orqali AQShga kirib kelish va homiylar yordamida AQShda muqim bo‘lish huquqini bergan edi. Tramp bu dasturni federal qonunlarga zid deb baholab, bekor qilishga farmon bergan.
Qarorga ko‘ra, maqomdan mahrum etilganlar tezkor deportatsiya tartibiga tushishi mumkin. Ushbu chora AQSh-Meksika chegarasida noqonuniy kirishlarni cheklashga qaratilgan.
Hozirda ushbu muhojirlarning qanchasi mamlakatda qolish uchun qonuniy asosga ega ekani aniq emas.
Rossiyada ayrim migrantlar patensiz ishlay oladi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan yangi farmonga ko‘ra, ayrim chet el fuqarolari patent olmasdan ishlash huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun ular barmoq izlari orqali identifikatsiyadan o‘tishi va maxsus tibbiy ko‘rikdan o‘tib, giyohvandlik, xavfli kasalliklar, jumladan, OITV yo‘qligini tasdiqlashi shart.
Yangi tartibga muvofiq, Rossiya IIV organlarida daktiloskopiyadan o‘tgan va shifokorlar xulosasini olgan fuqarolar patent yoki ish ruxsatnomasisiz mehnat faoliyatini amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Rossiyada bu vaqtgacha vizasiz davlatlardan kelgan migrantlar bir kasb va bir mintaqa uchun alohida patent olishi talab qilingan. Yangi farmon bunday talabni yengillashtiradi.
Avvalroq migrantlarga Moskva va Sankt-Peterburgda bitta patent bilan ishlash imkoni berilishi mumkinligi haqida ham xabarlar tarqalgandi.
Xitoy kosmik janglarni sinamoqda
AQSh generali Maykl Getleynga ko‘ra, Xitoy sun’iy yo‘ldoshlar o‘rtasida kechadigan jangga o‘xshash manyovrlarni amalga oshirmoqda. Bu manyovrlar AQShning kosmik sohadagi ustunligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Getleyn ma’lum qilishicha, 2024 yilda xitoylik Shiyan-24 va Shijian-6 05A/B sun’iy yo‘ldoshlari bir-biriga yaqinlashib, hamohang harakat qilgan. Bu AQSh tomonidan orbitadagi «kosmik janglar» simulyatsiyasi sifatida baholandi.
Mutaxassislar fikricha, bunday texnologiyalar dushman sun’iy yo‘ldoshlarini ishdan chiqarish, signallarni buzish va harbiy aloqalarni to‘sishda qo‘llanishi mumkin. General Getleyn Xitoy va Rossiya lazer bilan ko‘r qilish, signallarni so‘ndirish va sun’iy yo‘ldoshlarni orbitadan o‘g‘irlash qobiliyatiga ega ekanini bildirdi.
Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchilari bu harakatlarni qarshi sun’iy yo‘ldoshli qurollarini sinash bilan bog‘liq deb hisoblamoqda. Biroq bu sinovlar tinch maqsadlar — texnik xizmat yoki fotosuratga olish uchun o‘tkazilayotgani ham ehtimoldan xoli emasligi qo‘shimcha qilinmoqda.
Tavsiya etamiz
“Kontraktga kirsang o‘qita olmaymiz deyishgan” – orzular yo‘lida stereotiplarni yengib o‘tgan navoiylik qiz hikoyasi
Jamiyat | 20:50 / 25.03.2025
AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining narxi qancha bo‘ladi?
O‘zbekiston | 18:04 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi: Eronga qarshi o‘yin oldidan
Sport | 15:16 / 25.03.2025
O‘sishdan to‘xtashi mumkin - mutaxassis bolalarda uyqu yetishmasligi oqibatlaridan ogohlantirdi
Jahon | 13:12 / 25.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Cobalt'ga shartnoma olishga o‘xshab...” - Piskentdagi laboratoriyaga navbat olish qiyinlashib ketdi
Iqtisodiyot | 15:14
-
Kambag‘al oilalarga 22,5 mln so‘m grant, ijtimoiy kartaga “ko‘chayotgan” qog‘ozbozlik va yetim bolalarga g‘amxo‘rlik – 1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
O‘zbekiston | 14:47
-
Tayvan harbiy-dengiz kuchlari kemasi Xitoy kemasi bilan to‘qnashib ketdi
Jahon | 14:33
-
Nusayrat lageriga tashlangan bomba, Hind okeanida kuch to‘playotgan AQSh va Istanbulning muvaqqat hokimi - kun dayjesti
Jahon | 14:08
Mavzuga oid

14:08
Nusayrat lageriga tashlangan bomba, Hind okeanida kuch to‘playotgan AQSh va Istanbulning muvaqqat hokimi - kun dayjesti

13:05 / 26.03.2025
HAMASga yana tahdid qilgan Isroil, Ar-Riyoddagi muzokaralar yakuni va yettinchi muddatiga kirishgan Lukashenko - kun dayjesti

14:07 / 25.03.2025
Xavfli fazaga kirayotgan G‘azo, 4 oblastni talab qilayotgan Rossiya va migrantlar uchun eng qora yil - kun dayjesti

13:15 / 20.03.2025