Jahon | 14:07 / 25.03.2025
6948
9 daqiqa o‘qiladi

Xavfli fazaga kirayotgan G‘azo, 4 oblastni talab qilayotgan Rossiya va migrantlar uchun eng qora yil - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat «xavfli faza»ga o‘tdi

G‘azo hukumati Isroilning 23 kunlik qamali tufayli eksklav «xavfli faza»ga kirganini e’lon qildi. Isroil har kuni 600 dan ortiq yuk mashinasi va 50 ta yonilg‘i avtosisternasini kiritmasdan, yordamni cheklayapti.

Rasmiy bayonotda bu harakatlar «tizimli jinoyatlar» sifatida baholandi. Novvoyxonalar yopilyapti, un tugayapti, kasalxonalarda esa dori-darmon ham, yoqilg‘i ham qolmayapti.

Qamal tufayli yuzlab shifokor va jarrohlar G‘azoga kiritilmayapti. Bu esa minglab bemorlarning hayotini xavf ostiga qo‘yadi.

Yanvarda tuzilgan otashkesim marta oyida buzilgandi. Shundan beri 670 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, asosan ayollar, bolalar va qariyalar.

Isroil tomonidan G‘azoda o‘ldirilgan jurnalistlar soni esa 208 nafarga yetdi. Bu haqda G‘azo hukumati qoshidagi media-ofis bayonotida ma’lum qilindi.

Bayonotga ko‘ra, yaqinda Isroil harbiylarining navbatdagi qurboni falastinlik jurnalist Husam Shabbat bo‘ldi.

Saudiyadagi muzokaralar qanday o‘tdi?

24 mart kuni Saudiya Arabistonida AQSh va Rossiya rasmiylari uchrashib, 12 soat davom etgan muzokaralar chog‘ida Ukraina bo‘yicha yangi kelishuv loyihasini muhokama qildi. Reuters agentligiga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor Qora dengizdagi otishmalarni to‘xtatishga qaratilgan. Bu birinchi bosqichdagi lokal sulh bo‘lib, keyinchalik keng qamrovli kelishuvga o‘tish uchun poydevor bo‘lishi mumkin.

Amerikaliklar fikricha, Qora dengizda dengiz yo‘llari va don eksport xavfsizligini ta’minlash orqali umumiy keskinlikni pasaytirish mumkin.

Kreml muzokaralarga ochiq ekanini bildirdi. E’tiborli jihati — bu kelishuvlar Ukraina ishtirokisiz o‘tmoqda. AQSh delegatsiyasi Kiyev bilan keyinroq alohida uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

AQSh Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Uoltsning aytishicha, muzokaralarda faqat Qora dengiz emas, balki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy «nazorat chizig‘i», o‘zaro ishonch choralari va tinchlikni saqlash mexanizmlari ham muhokama qilinmoqda.

Yana bir muhim masala — Rossiyaga olib ketilgan ukrainalik bolalar taqdiri. AQSh ularni qaytarishni ishonch chorasi sifatida ko‘rmoqda.

Moskva 4 hududni to‘liq talab qilmoqda

Rossiya AQSh bilan Saudiya Arabistonida o‘tayotgan muzokaralarda Ukraina hududining to‘rtta oblastini to‘liq talab qilayotgani aytilmoqda. Garchi rus qo‘shinlari Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining butun hududini nazorat qilmayotgan bo‘lsa ham, Kreml ularni to‘liq ma’muriy chegaralari bilan o‘z nazoratiga olishni istamoqda.

Rossiya Konstitutsiyasida hududlar Rossiyaniki deb qayd qilingani bois, Kreml ularni siyosiy va yuridik jihatdan «qaytarish»ni talab qilgan. Rossiyaning bosib olingan hududlardan voz kechishi muhokama ham qilinmayapti. Chunki Rossiya qonunchiligida o‘zini deb belgilangan hududlardan voz kechish mexanizmi belgilanmagan.

Kremlga yaqin manbalar esa Vashington Rossiyaning ushbu talabini yoqlab, Kiyevga bosim o‘tkazishi mumkinligini istisno etmayapti. Agar AQSh bosim qilmasa, Rossiyaning rejasi — muzokaralar bilan birga harbiy hujumni davom ettirish bo‘ladi. Bu yo‘lda Rossiya ehtiyoj tug‘ilsa, hattoki Dnepropetrovsk yoki Sumi oblastlarini bosib olib, keyinchalik ularni 4 ta oblastga almashishni taklif etishi mumkin.

2025 yilning mart oyiga kelib Rossiya Luhanskning 98,6 foizini, Donetskning 62,6 foizini, Zaporijjyaning 71,9 foizini va Xersonning 69,3 foizini nazorat qilmoqda. So‘nggi ikki oblast markazlari – Zaporojjya va Xerson shaharlari hali ham Ukraina nazoratida.

AQSh va Ukraina resurslar bo‘yicha kelishuv arafasida

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Ukraina bilan strategik minerallardan tushadigan daromadni bo‘lishish haqida kelishuv imzolanishini ma’lum qildi.

Trampga ko‘ra, hujjat Ukraina hududidagi nodir mineral qazilmalarni qazib olish va energetika infratuzilmasini boshqarishni o‘z ichiga oladi. AQSh kompaniyalari ukrain elektr stansiyalari egasiga aylanishi mumkin.

Muzokaralar Saudiya Arabistonida o‘tgan. U yerda amerikaliklar ukrain va rossiyalik rasmiylar bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi. Trampning aytishicha, uchrashuvlar Qora dengizdagi otashkesim bilan bog‘liq, biroq boshqa masalalar ham muhokama qilingan.

Eronga ultimatum qo‘yildi

AQSh Eronni ikki tanlov qarshisida qoldirdi: yo muzokara yoki urush. Tramp ma’muriyatining maxsus vakili Stiv Uitkoff Vashington yadroviy tahdidga qarshi kurashishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Tramp hukumati «maksimal bosim» strategiyasini qayta faollashtirgan. Sanksiyalar ortidan harbiy tahdidlar kelmoqda. Tramp Eron oliy rahbari Ali Xominaiyga maktub yuborib, shart qo‘ydi: kelishuv yoki oqibati urush.

Xominaiy buni rad etdi, Eron Tashqi ishlar vazirligi esa AQSh pozitsiyasini shantaj deb atadi, biroq Tehron bunga, albatta, javob qaytaradi, deb va’da qildi.

Vashington Erondan yadroviy dastur to‘xtatilishini talab qilmoqda. AEXA ma’lumotiga ko‘ra, Eron uranni qurol ishlab chiqarish darajasiga yaqin miqyosda boyitmoqda. Ammo atom bombasiga hozircha yaqin emas.

Ochiq tahdidlar faqat yadroviy masala bilan cheklanmayapti. AQSh Eronni husiychilarga yordam berishda ham ayblamoqda.

Tramp boj siyosatida yo‘nalishni o‘zgartirdi

AQSh 15 ta davlatga, jumladan, Rossiyaga qarshi individual boj stavkalarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Ilgari ma’lum sohalar — avtomobil, dori-darmon va chiplar uchun sektorli tariflar qo‘yish ko‘zda tutilgandi. Ammo The Wall Street Journal yozishicha, endi bu rejadan voz kechilgan.

Tariflar 2 apreldan — Tramp «Ozodlik kuni» deb atagan sanadan amalga kirishi mumkin. Vashingtonning maqsadi — AQSh import tovarlariga qo‘yiladigan bojlarni boshqa davlatlarniki bilan tenglashtirish.

Rossiya, Kanada, Xitoy, Yevropa Ittifoqidan tashqari Yaponiya ham ro‘yxatda. Garchi Rossiya bilan savdo hajmi 3,5 mlrd dollarga tushgan bo‘lsa-da, u sanksiyalarga qaramay, ro‘yxatdan chiqarilmagan.

Rossiya migrantlarga soliqni oshirmoqchi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi patent bilan ishlayotgan migrantlardan 30 foizlik daromad solig‘i undirish taklifini Davlat Dumasiga kiritdi. Holbuki, Rossiya fuqarolari uchun hozirgi daromad solig‘i stavkalari 13–22 foiz orasida.

Partiya raisi Leonid Slutskiy bu soliq kamligini ta’kidlab, budjetga ko‘proq mablag‘ tushishini, uni bolali oilalar va hududlar rivojiga yo‘naltirish mumkinligini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada migratsiya 568,5 ming kishiga yetdi — bu 1995 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich. LDPR rahbarining fikricha, migrantlar Rossiyada «yanada ko‘proq pul qoldirishi» kerak va ular uchun umumiy 30 foizlik daromad solig‘i tartibini joriy etish zarur. Agar bu chora amalga oshsa, Rossiyada halol mehnat qilayotgan migrantlarning daromadlariga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi.

2024 — migrantlar uchun eng qora yil

2024 yil migrantlar uchun halokatli yil bo‘ldi — BMTga ko‘ra, dunyo bo‘ylab kamida 8938 kishi migratsiya urinishlari paytida halok bo‘lgan. Bu — butun kuzatuvlar tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Xalqaro migratsiya tashkilotiga ko‘ra, aslida qurbonlar soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin. Sababi — bu raqamlar rasman hujjatlashtirilgan halokatlar sonidir.

Eng ko‘p o‘lim holatlari Osiyoda — 2778 kishi. Keyingi o‘rinlarda Afrika — 2242 va O‘rta Yer dengizi — 2452 qurbon. Faqat Amerika qit’asidagina 1233 kishi halok bo‘lgan. Jumladan, Panama va Kolumbiya chegarasidagi Dariyen o‘rmonlarida 174 nafar migrant hayotdan ko‘z yumgan.

Migrantlar o‘limi besh yildan buyon izchil o‘sib bormoqda. Avvalgi antirekord 2023 yilda kuzatilgan edi — 8747 nafar qurbon.

Mavzuga oid