Jahon | 15:36 / 27.03.2025
5042
7 daqiqa o‘qiladi

Ar-Riyoddagi uchrashuvda nimaga erishilgan? Rossiya va Ukrainaning versiyalari bir-biridan farq qilmoqda

25 mart kuni Saudiya Arabistonida AQSh Ukraina va Rossiya bilan alohida olib borgan muzokaralar yakunlandi. Tomonlar muzokaralar yakunlari bo‘yicha rasmiy xabarlarini e’lon qildi, bir qarashda bu bayonotlar bir-biriga ochiqchasiga zid ko‘rinmasdi, ammo ko‘p o‘tmay Moskva va Kiyev erishilgan kelishuvlarni butunlay boshqacha talqin qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Dengizdagi sulh masalasi

Donald Tramp ma’muriyati tomonidan e’lon qilingan xabarda (Oq uy bir vaqtning o‘zida ikkita reliz e’lon qildi – biri Ukraina delegatsiyasi bilan, ikkinchisi Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuv haqida) aytilishicha, uchala tomon ham Qora dengizda xavfsiz kema qatnovini ta’minlash va kuch ishlatmaslikka kelishib olgan. AQSh hech qanday qo‘shimcha shartlar haqida xabar bermadi. Press-relizda alohida qayd etilishicha, Vashington Rossiyaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilari jahon bozorlariga kirishini «tiklashga yordam beradi».

Taxminan bir soat o‘tgach, Kreml o‘z press-relizini e’lon qildi, unda tomonlar Qora dengizda «kemalar qatnovi xavfsizligini ta’minlash va kuch ishlatmaslik» to‘g‘risida kelishib olgani va AQSh Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazib berishni tiklashga «ko‘maklashishi» haqida ham xabar berilgan. Biroq, unda Amerika versiyasida keltirilmagan muhim eslatma ham bor.

Eslatmada kelishuvlar Rosselxozbank va «xalqaro oziq-ovqat va o‘g‘it savdosi bilan shug‘ullanuvchi boshqa moliyaviy tashkilotlar», shuningdek, oziq-ovqat va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilar hamda eksport qiluvchilar, Rossiyaning mahsulotlarni tashuvchi kemalaridan sanksiyalar olib tashlanganidan keyingina kuchga kirishi aytilgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy kechki videomurojaatida Rossiyani kelishuvlarni manipulyatsiya qilishda ayblab, «Kreml Qora dengizdagi otashkesim go‘yoki sanksiyalar masalasiga bog‘liqligi haqida yolg‘on gapirmoqda» dedi. «Hozirning o‘zidayoq, bugunning o‘zidayoq, muzokaralar kunidayoq biz rossiyaliklar allaqachon manipulyatsiya qilishni boshlaganini ko‘ryapmiz. Ular allaqachon kelishuvlarni o‘zgartirishga va aslida bizning vositachilarimizni ham, butun dunyoni ham aldashga harakat qilmoqda», – deydi Zelenskiy.

Keyinroq bu borada Donald Tramp ham fikr bildirdi – uning izohidan Kreml press-relizga qo‘shgan «eslatma» chindan ham AQSh bilan kelishilmagan, degan xulosaga kelish mumkin. Trampning aytishicha, uning ma’muriyati dengizda sulh boshlanishi uchun Rossiya tomonidan ilgari surilgan «besh yoki oltita shart»ni o‘rganmoqda. Keyinroq Tramp yana bir intervyusida Moskva tinchlik shartnomasini imzolashni paysalga solayotgani haqida gapirdi. «Ishonchim komil emas. Lekin baribir o‘ylayapmanki, Rossiya ham bu tugashini xohlaydi», – dedi u.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvadagilar Qora dengizda sulh tuzish bo‘yicha hali hech qanday kelishuv yo‘q deb hisoblashini amalda tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbus faqat «bir qator shartlar bajarilgandan keyin faollashtirilishi mumkin».

Energiya obektlariga zarba berishni to‘xtatish masalasi

Oq uy press-relizida energetika inshootlariga zarbalarni zudlik bilan to‘xtatish haqida gap yo‘q – unda faqat tomonlar Tramp 18 mart kuni Putin bilan suhbatda taklif qilgan ushbu rejani «amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish»ga kelishib olgani haqida so‘z borgan.

Ukraina mudofaa vazirligi rahbari Rustem Umerovning Oq uy matbuot xabari bilan deyarli bir vaqtda e’lon qilingan rasmiy xabarida shunday deyilgan: «Barcha tomonlar Ukraina va Rossiyaning energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘liq taqiqlash bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirishga kelishib oldi». Ko‘p o‘tmay, Volodimir Zelenskiy vaziyatga izoh berdi: uning so‘zlariga ko‘ra, AQShning pozitsiyasi energetika tizimlariga zarba berishni taqiqlash darhol kuchga kirishini nazarda tutadi. U Ukraina kelishuvning o‘ziga taalluqli qismini bajarishiga va’da berdi.

Kremlning muzokaralar yakunlari bo‘yicha press-relizida Rossiya va AQSh 30 kunga zarbalarni to‘xtatish bo‘yicha «kelishuvlarni amalga oshirish choralarini ishlab chiqishga kelishib olgani» ham aytilgan, biroq u yerda bu sulhning amal qilish sanasi – 18 mart deb ko‘rsatilgan. Ya’ni, Moskva versiyasiga ko‘ra, energetika obektlariga hujumlarni to‘xtatish rejimi bir haftadan ko‘proq vaqtdan beri amal qilmoqda. Kreml o‘z bayonotida, shuningdek, agar tomonlardan biri kelishuvni buzsa, undan chiqish mumkinligini qayd etadi. Dmitriy Peskov brifing chog‘ida prezident Putinning Ukraina energetika obektlariga zarba berishni taqiqlash to‘g‘risidagi buyrug‘i amalda ekani va rossiyalik harbiylar uni bajarayotganiga ishontirdi.

Shu bilan birga, tomonlar bir-birini zarbalarni davom ettirishda ayblamoqda. Zelenskiyning kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Dmitro Litvinning ta’kidlashicha, Rossiya hujumlarni to‘xtatganini e’lon qilgan 18 martdan beri Ukrainaning energetika obektlari sakkiz bor zarbaga uchragan. «Har kecha havo hujumidan mudofaa kuchlarimiz yuzga yaqin zarbdor dronlarni urib tushiradi – va ularning ko‘pchiligi, katta ehtimol bilan, boshqa energetik obektlarini nishonga olgan. Agar mudofaachilarimiz bo‘lmaganida, zarbalar ancha ko‘p bo‘lishi mumkin edi», – deydi u. Rossiya mudofaa vazirligi, o‘z navbatida, 26 martga o‘tar kechasi – Zelenskiyning kelishuvlar haqidagi bayonotlaridan so‘ng – Ukraina dronlari Bryansk va Kursk oblastlaridagi podstansiyalarga hujum qilganini ma’lum qildi. Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi bu hujumlar haqidagi bayonotlarni yolg‘on deb atadi.

Mavzuga oid