Jahon | 19:56 / 08.04.2025
1518
2 daqiqa o‘qiladi

Panama mamlakat portlarini hongkongliklar boshqaruviga topshirgan amaldorlarni sudga beradi

Auditor Hongkongga tegishli CK Hutchison kompaniyasi tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani va uning buxgalteriya hisobida ko‘plab xatoliklar borligini aniqlagan.

Foto: REUTERS/Enea Lebrun/File photo

Panama Kontroller bosh boshqarmasi Hongkongga tegishli CK Hutchison kompaniyasi bilan kanal portlaridan foydalanish bo‘yicha shartnomani uzaytirgan amaldorlarni sudga beradi. Bunga auditor Hongkong fondi tomonidan ko‘plab qonunbuzarliklar sodir etilganini aniqlagani sabab bo‘lgan.

Mart oyi boshida CK Hutchison kompaniyasi Panama kanali portlari infratuzilmasidagi 90 foiz ulushini va dunyoning 23 mamlakatida joylashgan 43 ta dengiz portiga egalik qiluvchi Hutchison Port Holdings kompaniyasidagi 80 foiz ulushini AQShning BlackRock fondi boshchiligidagi investorlar konsorsiumiga sotganini ma’lum qilgan edi. Bitim summasi — 22,8 milliard dollarni tashkil etgan.

Panama bosh nazoratchisi Anel Floresning ma’lum qilishicha, Panama Pors Company bilan 2001 yilda tuzilgan ikkita port shartnomasi tekshirilganida ko‘plab qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Bundan tashqari, auditor CK Hutchison tomonidan to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganini, buxgalteriya hisobidagi xatoliklar va avvaliga Hongkong kompaniyasi rad etgan «yashirin» operatsiyalarni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Amaldorning so‘zlariga ko‘ra, Panamaga yetkazilgan zarar qariyb 300 million dollarni tashkil etadi.

Tekshiruv natijalari yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Agar shartnoma shartlari va Hongkong kompaniyasi faoliyati noqonuniy bo‘lgan deya topilsa, BlackRock bilan tuzilgan bitim bloklanadi.

Mazkur bitim tuzilishiga oldinroq Panama prokuraturasi qarshi chiqqandi — ular buni konstitutsiyaga qarshi deb atagan. Mart oxirlarida Xitoy davlat bozorini tartibga solish boshqarmasi ushbu bitim bo‘yicha o‘zining antimonopoliya tergovini boshlagan edi.

Mavzuga oid