Jahon | 13:43 / 10.04.2025
4277
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda istehkomlar qurayotgan Isroil, Ukrainada yangi hududlarga hujum boshlagan Rossiya va Xitoyga 125 foizli boj joriy etgan Tramp - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Isroil G‘azoda harbiy istehkomlar qurmoqda

Isroil armiyasi 18 martda boshlangan yangi hujum orqali G‘azo sektori hududining uchdan ikki qismini egalladi. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu hududlardan fuqarolar majburan ko‘chirilgan. Hozirda Isroil qo‘shinlari Shujoiya va Moran yaqinida harbiy nuqtalar, kuzatuv minoralari va beton to‘siqlar qurmoqda.

Rafah shahridan so‘nggi ikki haftada 140 mingdan 400 minggacha odam chiqib ketgan. Isroil aviatsiyasi «xavfsiz hududlar» va jurnalistlar uchun o‘rnatilgan lagerlarga ham zarba bergan. Natijada ikki jurnalist halok bo‘ldi, to‘qqiz nafari yaralangan.

Isroil bu hududlarda «himoyaviy bufer zona» yaratilayotganini aytadi, ammo aniq rejalarini oshkor qilmayapti. Falastinliklar G‘azo sektori to‘liq ishg‘ol qilinishi va uning demografik tarkibi o‘zgartirilishidan xavotirda. AQSh bu jarayonda G‘azoni tashqi boshqaruvga o‘tkazish g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlayotgani ma’lum qilingan.

Fransiya Falastin mustaqilligini tan oladimi?

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat iyun oyida Falastin davlatini rasman tan olishi mumkinligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni bilan birgalikda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro anjumanda ikki davlat yechimi masalasi muhokama qilinadi.

«Biz Falastinni tan olish tomon harakatlanishimiz kerak va yaqin oylarda bunga erishamiz. Maqsadimiz — ushbu konferensiyada raislik qilish va bir qator davlatlar bilan o‘zaro tan olish jarayonini yakunlash», – dedi Makron Misrga ikki kunlik tashrifidan so‘ng France 5 telekanaliga bergan intervyusida.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Falastinni Armaniston, Ispaniya, Irlandiya, Norvegiya va Sloveniya kabi davlatlar tan olgan edi.

Rossiya Sumi va Xarkivga hujum boshladi

Rossiya armiyasi Ukraina shimolidagi Sumi va Xarkiv oblastlarida yangi keng ko‘lamli hujumga o‘tdi. Ukraina qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyga ko‘ra, so‘nggi hafta ichida bu frontlardagi hujumlar soni deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

Sirskiyning bayonotiga ko‘ra, Rossiyaning asosiy maqsadi — Ukraina harbiylarini Kursk oblasti chegarasidagi pozitsiyalardan chiqarib, bufer hudud yaratish va Donetsk hamda Luhansk oblastlarini to‘liq nazoratga olishdir. Shuningdek, Rossiya Xerson va Zaporijjya oblastlarining ayrim qismlarini ham bosib olishni rejalashtirmoqda.

Bosh qo‘mondon hujumlar shiddati tinmasdan oshganini qayd etdi. Unga ko‘ra, Rossiya har oyda 8–9 ming yangi harbiyni kontrakt asosida safarbar etmoqda. Sirskiy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bu hujum haqidagi ogohlantirishlarini to‘liq tasdiqladi.

Rossiya xitoyliklarni TikTok orqali yollayapti

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, kamida 155 nafar Xitoy fuqarosi Rossiya armiyasi safida jang qilmoqda. Ularning shaxsiy ma’lumotlari Ukraina rasmiylarida mavjud. Zelenskiyning ta’kidlashicha, ularning soni aslida ancha ko‘p bo‘lishi mumkin.

Prezidentga ko‘ra, rossiyaliklar xitoyliklarni ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa TikTok orqali yollamoqda. «Bu reklama yo‘li bilan ochiq yollash hisoblanadi. Rasmiy Pekin bundan bexabar», — dedi u.

Zelenskiyga ko‘ra, yollanganlar Moskvaga kelgach, tibbiy ko‘rikdan o‘tib, maxsus o‘quv markazlariga jo‘natiladi. Ularga «Mir» to‘lov tizimi orqali pul o‘tkaziladi.

Xitoy TIV esa o‘z fuqarolarini harbiy harakatlardan uzoqroq turishga chaqirganini va Ukraina bilan ushbu ma’lumotni tekshirayotganini ma’lum qildi.

Tramp Xitoyga bojlarni 125 foizgacha oshirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga bojlarni 125 foizgacha ko‘tardi. Unga ko‘ra, bu Pekinning jahon bozoriga nisbatan behurmat munosabatiga javobdir va bu bojlar darhol kuchga kiradi.

Tramp shuningdek, muzokaralarga tayyorligini ma’lum qilib, 75 davlat uchun 90 kunlik tanaffus va 10 foizli o‘zaro boj taklif qildi. U o‘zining bu qarorini «boshqa davlatlar hisobiga Amerika talanishiga barham berish», deb baholadi.

Bu bayonot Xitoyning AQSh mahsulotlariga 84 foizli javob boji joriy etishini ma’lum qilganidan keyin e’lon qilindi. Tramp ma’muriyati esa ikki kun avval Xitoy importi uchun 104 foizli rekord bojlar joriy qilgandi.

Pekin bu choralarni «haqoratli» deb atab, Jahon savdo tashkilotiga shikoyat yo‘lladi.

Vashingtondagi Respublikachilar milliy qo‘mitasi tadbirida chiqish qilgan AQSh prezidenti jahon davlatlari uni «ko‘ndirish uchun barcha narsaga tayyor» ekanini ta’kidladi.

Joriy etilgan yuqori bojlar tufayli turli mamlakatlar «kelishuv uchun o‘lib turibdi» va «istalgan narsaga rozi». «Bu mamlakatlar boj miqdorini tushirish uchun qo‘ng‘iroq qilishyapti, yalinib ketimni o‘pishyapti», — degan u.

Ma’lum qilinishicha, taxminan 70 davlat Oq uyga yangi tariflar bo‘yicha murojaat qilgan. Respublikachilar yetakchisi Tom Emmerning aytishicha, ko‘plab mamlakatlar muzokaralarni boshlagan.

Tramp esa Xitoydan ham qo‘ng‘iroq kutmoqda. Biroq Xitoy Trampga yalinmayapti va qaytaga AQSh mahsulotlariga ham 84 foizli bojlar joriy qildi.

Tramp dori-darmonlarga ham boj qo‘yadi

AQSh prezidenti Donald Tramp farmatsevtika mahsulotlariga ham og‘ir bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dori kompaniyalari Xitoyni tark etib, ishlab chiqarishni AQShga qaytarishi shart.

«Ular mahsulotni bizga sotyapti, demak, zavodlarni ham bizda qurishi kerak», — dedi. Uning aytishicha, Xitoydan kelayotgan dori vositalariga 104 foizli boj 9 apreldan kuchga kiradi.

Farma sohasi avvalgi boj to‘lqinidan chetda qolgandi, ammo endi unga ham navbat keldi. AQSh regulyatori FDA asosiy dori moddalari xorijda ishlab chiqarilishini tan oldi va bunga mamlakatdagi yuqori xarajatlar hamda byurokratiya sababchi ekanini qayd etdi.

Tariflar Avstraliya bilan munosabatni ham taranglashtirdi. Kanberra Vashingtonning bu qarorini tanqid qildi. AQSh Senatida esa boj vakolatlarini cheklash haqida qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.

Yevropa Amerika bojlariga javob qaytaradi

Yevropa Ittifoqi 9 aprel kuni AQSh bojlariga qarshi choralar ko‘rishni ma’qulladi. Yevropa komissiyasi taklif etgan savdo aksilchoralari YeI a’zolari tomonidan tasdiqlandi.

Bu qaror AQShning martda Yevropa po‘lat va alyuminiyiga boj joriy qilganiga javobdir. Yangidan kiritiladigan bojlar soya dukkaklari, mototsikllar va apelsin sharbati kabi respublikachi shtatlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarini qamrab oladi. Ular 21–22 mlrd yevrolik tovarlarga taalluqli bo‘ladi.

Bojlar 15 apreldan amalga kirishi kutilmoqda. Yevropa komissiyasi hozircha to‘liq ro‘yxatni e’lon qilmadi. YeI bayonotida Amerika bojlari asossiz va zararli deb baholangan. Yevropa muzokara orqali yechim izlashni afzal ko‘rishini bildirgan.

Shuningdek, agar AQSh adolatli kelishuvga rozi bo‘lsa, YeI javob choralarini to‘xtatishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

Moskvadagi masjidni millatchilar yoqqani oydinlashdi

Ramazon hayiti arafasida Moskva ostonasida yana bir masjid yoqib yuborilgan edi. Yegoryyevsk shahridagi ibodatxonaga ketgan o‘tda garchi hech kim jabrlanmagan bo‘lsa-da, ammo bugunga kelib, hujum uchun Rossiyada taqiqlangan ultrao‘ng millatchi guruh javobgarlikni o‘z bo‘yniga oldi.

Ekstremistlar Telegram’dagi manifestida bu hujumni Ramazon hayitiga bag‘ishlangan «aksiya» deb atadi. Ular Rossiyada masjidlar bo‘lmasligi kerakligini bayon qildi. Yoqib yuborilgan binoda masjid bilan birga kafe va avtoservis ham bor edi.

So‘nggi bir yilda Rossiyadagi masjidlarga hujumlar ko‘paydi. 2024 yilda Boshqirdistonda to‘rtta masjid yondi. Dekabrda «Nur» markazi yoqib yuborilgan. Ushbu guruh mart oyida lo‘lilar uyiga, halol mahsulotlar do‘koniga va go‘sht kombinatiga ham hujum qilganini e’lon qilgan.

Telegram’da esa ultrao‘ng rus millatchilari tomonidan 100 dan ortiq hujum videolari tarqatilgan kanallar ochilgan.

Mavzuga oid