Andijonda Bobur shahri paydo bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Andijondagi bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Andijon respublikaning aholi eng zich joylashgan hududi ekani hisobga olinib, 2021 yilda davlat rahbari tashabbusi bilan yangi shahar qurilishi boshlangandi. Bu galgi tashrifda prezident loyihaning ilk natijalarini ko‘rdi.
Ushbu shahar Andijon tumanidagi adirlikda, qishloq xo‘jaligida foydalanilmagan 4 ming gektar maydonda barpo etilmoqda. Qurilish sakkiz bosqichda rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 1 ming 770 ta xonadonli 63 ta uy foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 420 o‘rinli bolalar bog‘chasi, 250 qatnovga mo‘ljallangan poliklinika qurilgan. Yengil sanoat korxonasi, ipoteka markazi tashkil etilgan.
Davlat rahbari hudud bo‘ylab yurib, yangi majmualarni ko‘zdan kechirdi.
«Tayyor xonadonlarning ko‘pchiligiga oilalar ko‘chib kelib, yashamoqda. O‘yin maydonchalaridagi bolakaylarning shodliklari ko‘ngillarga quvonch, halovat bag‘ishlaydi. Bunyodkorlik ishlari jadal davom ettirilib, bu yil mingdan ziyod xonadonli yana 40 ta ko‘p qavatli uy barpo etiladi.
Inshootlar yo‘l, elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv, issiqlik kabi zarur tarmoqlar bilan ta’minlangan. Ichimlik suvi yetkazib berish uchun sig‘imi to‘rt ming metr kub bo‘lgan suv saqlash va uzatish inshooti ishga tushirildi.
19 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilib, o‘n ming tupdan ortiq manzarali daraxt ko‘chatlari, buta va gullar ekildi. Amfiteatr, dam olish joylari, dekorativ yo‘laklar, kafelar, bolalar o‘yingohi, yoritish tizimlariga ega bo‘lgan bog‘ Yangi Andijonning ko‘rki bo‘ladi.
Bu yerdagi “Vatanparvar bog‘i” katta ramziy ma’noga ega. Bog‘dagi “Vatanga qasamyod” monumenti, muzey, konsert va tomosha maydonlari mehmonlarda katta taassurotlar qoldiradi.
Loyiha ko‘lami keng. Hududning 1 ming 439 gektarida 2 mingta ko‘p qavatli turar joy qad rostlaydi. Shuningdek, ko‘plab savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, 1 ming 820 gektarda yashil hududlar tashkil etiladi. Qurilishlar bitgach, bu yerda 410 ming nafardan ziyod aholi yashashi mumkin bo‘ladi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Shu yerda yangi qurilish va obodonlashtirish loyihalari taqdimot qilindi. Unga ko‘ra, Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘i ta’mirlanadi. Yangi Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur haykali o‘rnatiladi. Prezident bunda Boburning siymosini haqqoniy aks ettirish, atrofini boburiylar merosi bo‘yicha tematik parkka aylantirish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Davlat rahbari yangi bog‘da hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalarini tomosha qildi. Andijonda har yili rassomlar festivalini o‘tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Prezident Yangi Andijon shahridagi Yangi O‘zbekiston bog‘ida o‘tayotgan xalq saylida so‘zga chiqib, Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasini abadiylashtirish maqsadida Yangi Andijon shaharchasiga Bobur shahri deb nom berishni taklif qildi.
«Ishonchim komil, bu tashabbus har tomonlama xalqimizning ko‘nglidagi ish bo‘ladi. Nega deganda, hazrati Bobur – jahon tarixida kamdan-kam uchraydigan shunday benazir, ulug‘ zotki, uning sharafiga nafaqat ko‘cha va maydonlar, bog‘u rog‘lar, balki alohida shahar bunyod etsak, albatta arziydi.
Nega deganda, Bobur Mirzo – Temuriylar Renessansining munosib davomchisi, ilm-fan, madaniyat, san’at va adabiyot, iste’dod homiysi bo‘lgan buyuk shaxsdir.
Uning yoshlik paytlaridan yurtda tinchlik va adolat o‘rnatish uchun olib borgan kurashlari, bu yo‘lda ko‘rsatgan mardlik va jasorati fidoyilik va vatanparvarlik maktabidir.
Hech shubhasiz, qomusiy bilim va tafakkur egasi bo‘lgan bu mumtoz ajdodimizning birgina “Boburnoma” asari uchun ham uning sharafiga mana shunday go‘zal shaharchani bunyod etsak arziydi», – deydi prezident.
Ushbu tashabbus yig‘ilganlar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlangan.
Tavsiya etamiz
“Gentra – qorong‘ilik timsoli” – Mirshakar Fayzulloyev
O‘zbekiston | 19:25 / 20.04.2025
AQShda bir oy ichida minglab talabalarning vizalari bekor qilindi
Jahon | 23:47 / 18.04.2025
Toshkent viloyatidagi ba’zi yo‘llarda ruxsat etilgan tezlik 80 km/soatgacha cheklandi
O‘zbekiston | 23:28 / 18.04.2025
Orol dengizining qurigan tubi yildan yilga ko‘tarilib borayotgani aniqlandi
O‘zbekiston | 19:14 / 18.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya IIV maktablardagi migrant bolalarning ro‘yxatini yuritishni boshlaydi
Jahon | 20:45
-
WP: Ilon Mask Hukumat samaradorligi departamentini tark etishga tayyorlanmoqda
Jahon | 20:42
-
Britaniyada siniq guldon 60 ming dollarga sotildi
Jahon | 20:31
-
Ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi
O‘zbekiston | 20:30
Mavzuga oid

16:14
Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi

15:51
Prezident o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘oliblarini unvon va medallar bilan taqdirladi

11:57
Jahon chempionatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman - Shavkat Mirziyoyev Osiyo chempionlarini tabrikladi

20:38 / 18.04.2025