Jahon | 15:00 / 18.06.2025
1368
3 daqiqa o‘qiladi

Hegset: AQSh NATOga sodiq qoladi, lekin ittifoqchilardan ko‘proq xarajatlarni kutadi

NATOni modernizatsiya qilish va mustahkamlash uchun prezident Donald Trampdan boshqa hech kim ko‘proq ish qilgani yo‘q, deydi AQSh mudofaa vaziri.

Foto: Global Look Press

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Donald Tramp ma’muriyati Shimoliy Atlantika alyansiga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi va shu bilan birga NATOning boshqa a’zolaridan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qildi.

Bryusseldagi shtab-kvartirasida alyans mudofaa vazirlari yig‘ilishi oldidan NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Hegset shunday ta’kidladi: «Lider bo‘lish oson emas, ayniqsa qarashlar juda xilma-xil bo‘lsa, lekin barcha ishtirokchilar jamoaviy mudofaa bo‘yicha umumiy tushuncha va majburiyatga ega».

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATOni modernizatsiya qilish va mustahkamlash uchun prezident Donald Trampdan ko‘ra hech kim ko‘proq ish qilmagan: «Men har bir NATO davlatiga biz duch kelayotgan real tahdidlarni e’tirof etgan holda o‘z yalpi ichki mahsulotining kamida 5 foizini hissa sifatida qo‘shishi kerakligini aytish uchun keldim».

Qo‘shma Shtatlar ittifoqdagi rolidan faxrlanadi, ammo bizning signalimiz aniqligicha qolmoqda. Quvvatlash orqali jilovlash va tinchlikka erishish to‘g‘ri, lekin bunga faqat AQShga tayanib erishib bo‘lmaydi, deydi u.

NATO bosh kotibi Mark Ryutte, o‘z navbatida, Amerika ma’muriyati birinchi kundanoq o‘z qarashlari va umidlarini aniq belgilab berganini tasdiqladi.

«Bugun bizda muhim uchrashuv bor, chunki biz NATO mamlakatlarida yashovchi bir milliard aholi xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan imkoniyatlarni rivojlantirish maqsadlarini kelishib oldik», — dedi u.

Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, 24-25 iyun kunlari Haagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida mudofaa xarajatlarining yangi maqsadi qabul qilinadi.

«Biz bu maqsadlarga erishish uchun investitsiyalarni sezilarli darajada oshirish kerakligini tushunamiz. Aytgancha, bu Yevropa, Kanada va AQSh o‘rtasidagi xarajatlar darajasini tenglashtirishga yordam beradi. Qo‘shma Shtatlar NATOga to‘liq sodiqdir, lekin shu bilan birga, Yevropa va Kanadadagi ittifoqchilar ham katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini haqli ravishda kutmoqda», dedi u.

Ryutte sammitda alyansning harbiy salohiyatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan, havo mudofaasi, quruqlikdagi mobil qo‘shinlar, uzoq masofaga uchuvchi raketalar, zamonaviy qo‘mondonlik va boshqaruv tizimlari bo‘yicha kelishuvga erishilishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid