Jahon | 21:18 / 02.07.2025
1555
2 daqiqa o‘qiladi

Microsoft 9 ming nafarga yaqin xodimini ishdan bo‘shatadi

Barcha bo‘linmalar va barcha darajadagi ishchilarga ta’sir ko‘rsatadigan qisqartirishlar kompaniyaning boshqaruv jarayonlari hamda tuzilmalarini optimallashtirishga qaratilgan.

Amerikaning Microsoft Corp. IT-giganti xodimlarining 4 foizini ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vakili bayonotiga tayanib, CNBC xabar berdi.

Barcha bo‘linmalar va barcha darajadagi ishchilarga ta’sir ko‘rsatadigan qisqartirishlar kompaniyaning boshqaruv jarayonlari hamda tuzilmalarini optimallashtirishga qaratilgan.

Ishdan bo‘shatishlarning yangi raundi joriy yildagi ikkinchi qisqartirish hisoblanadi. May oyida Microsoft xodimlarining 3 foizini (6 ming kishi) ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Microsoft tomonidan Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyaga yuborilgan yillik hisobotga ko‘ra, o‘tgan yil iyun oxirida kompaniyada 228 ming kishi faoliyat yuritgan. Shunday qilib, oldingi ishdan bo‘shatishlar bilan hisoblanganda, qariyb 9 ming nafar xodim qisqartirishga tushishi mumkin.

Microsoft aksiyalari kotirovkasi chorshanba kungi savdolar avvalida 0,2 foizga qisqardi. Joriy yilning o‘tgan davrida kompaniyaning bozor qiymati 16,6 foizga oshdi.

Avvalroq Amazon bosh direktori Endi Jyessi yaqin bir necha yil ichida kompaniya ish jarayoniga sun’iy intellekt texnologiyasi joriy etilishi sabab xodimlar soni qisqartirilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid