Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh 8 avgustgacha Ukrainada tinchlik o‘rnatishga chaqirdi
Rossiya va Ukraina 8 avgustgacha tinchlik kelishuviga erishishi kerak, dedi AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Jon Kelli Moskva tomonidan chaqirilgan BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
AQSh rasmiylari Rossiya va Ukraina 8 avgustgacha tinchlik bitimi tuzishini istamoqda. Bu haqda 31 iyul, payshanba kuni AQShning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Jon Kelli Moskva tashabbusi bilan chaqirilgan Ukraina bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
«Rossiya va Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish va doimiy tinchlik bo‘yicha kelishib olishi kerak. Kelishuvni tuzish vaqti keldi. Prezident Tramp buni 8 avgustgacha amalga oshirish kerakligini aniq aytdi. Qo‘shma Shtatlar tinchlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor», — dedi Kelli. Uning qisqacha javobi BMT saytida chop etilgan.
Rossiya Federatsiyasining BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy aytishicha, Moskva yig‘ilishni Xavfsizlik kengashi e’tiborini G‘arbning «Ukraina inqirozini diplomatik yo‘l bilan hal qilish istiqbollariga bevosita yoki bilvosita putur yetkazuvchi» harakatlariga qaratish maqsadida chaqirtirgan. Diplomatning so‘zlari BMT saytida ham keltirildi.
«Ukraina inqirozi G‘arbning Rossiya xavfsizlik manfaatlariga e’tibor bermaslikka bo‘lgan ko‘p yillik sa’y-harakatlari natijasida yuzaga kelgan keng qamrovli inqirozning hosilasidir», dedi Polyanskiy. U Moskvaning Ukraina masalasini diplomatik yo‘l bilan hal qilishga tayyorligini ma’lum qildi va G‘arb davlatlarini «to‘sib turish o‘rniga hamkorlik qilishga» chaqirdi.