Jahon | 22:46 / 05.08.2025
4979
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sanksiyalardan qutulish uchun Ukrainada «havo sulhi» taklifini ko‘rib chiqmoqda

«Havo sulhi» taklifi raketalar va dronlar orqali beriladigan zarbalarni to‘xtatishni nazarda tutadi.

Foto: AP

Rossiya hukumati ikkilamchi sanksiyalar tahdidining oldini olish maqsadida AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada «havo sulhi» taklifini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi Bloomberg manbalarga tayanib.

Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, «havo sulhi» taklifi raketalar va dronlar orqali beriladigan zarbalarni to‘xtatishni nazarda tutadi.

AQSh prezidenti maxsus vakili Stiv Uitkoffning Rossiyaga tashrifi Moskvaga Donald Tramp bilan kechikib bo‘lsa-da «kelishuvga erishish imkoniyatini» beradi. Manbalardan birining aniqlik kiritishicha, Rossiya «havo sulhi»ga rozi bo‘lishi uchun Ukraina ham bunga amal qilishi shart.

Stiv Uitkoff Rossiyaga 6 avgust kuni boradi. Kreml uning prezident Vladimir Putin bilan ham uchrashishini istisno qilmadi. Avvalroq, Ukrainaga AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog ham rasmiy tashrif bilan borishi haqida xabar berilgan edi.

8 avgust kuni Donald Tramp Moskva Ukrainadagi mojaroni hal qilmasa, Rossiya hamkorlariga nisbatan 100 foizlik bojlar joriy etishga va’da bergan muddat tugaydi. 1 avgust kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko AQSh prezidentining bayonotiga izoh berib, Rossiya «havo sulhidan» manfaatdor ekanini aytdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid