Jahon | 13:43 / 12.08.2025
2786
9 daqiqa o‘qiladi

Uysizlarni haydayotgan Tramp, G‘azoda halok bo‘lgan jurnalistlar va Ozarboyjonning Ukrainaga yordami – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Vashingtonni ozod etish»

AQSh prezidenti Donald Tramp «huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini tiklash uchun» Vashingtonga Milliy gvardiya askarlarini tashlashni buyurdi. Uning buyrug‘iga ko‘ra, okrug politsiyasi to‘g‘ridan to‘g‘ri federal boshqaruvga o‘tadi.

Tramp Oq uyda o‘z ma’muriyati rasmiylari qurshovida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Vashington «shafqatsiz to‘dalar va qonxo‘r jinoyatchilar tomonidan qo‘lga olingan», u esa shaharni «har qachongidan ham xavfsizroq va chiroyliroq» qilmoqchi. Tramp o‘z qarorini AQSh poytaxtini «ozod qilish» deb atadi.

Reuters agentligiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda shaharga Federal qidiruv byurosi hamda Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati kabi idoralarning yuzlab xodimlari yuborilgan.

Vashington meri, demokrat Muriel Bouzer Trampning da’volarini rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda «jinoyatchilik o‘sishi kuzatilmayapti», 2024 yilda esa zo‘ravonlik jinoyatlari darajasi so‘nggi 30 yillikdagi eng past ko‘rsatkichga tushgan.

Vashington politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki yetti oyida zo‘ravonlik jinoyatlari soni 26 foizga, jinoyatlarning umumiy soni esa 7 foizga kamaygan.

O‘qotar qurollarni nazorat qilish tarafdori bo‘lgan Everytown for Gun Safety tashkiloti vakili muammo qurol ishlatish bilan bog‘liq zo‘ravonlik holatlari bo‘lib qolayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilda Vashington aholisi 500 mingdan ortiq bo‘lgan AQSh shaharlari orasida o‘qotar quroldan qotillik sodir etish bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallagan.

Reuters’ning qayd etishicha, Donald Trampning bu qarori uning demokratlarni qo‘llab-quvvatlovchi shaharlarga zarba berish va mahalliy hokimiyat vakolatlariga aralashish uchun navbatdagi urinishidir.

Jurnalistlar o‘limi

Isroilning G‘azo shahridagi «Ash-Shifo» shifoxonasi yaqiniga yo‘llagan zarbasi oqibatida «Al-Jazira» jurnalisti Anas ash-Sharif va telekanalning yana to‘rt xodimi halok bo‘ldi.

«Al-Jazira» xabariga ko‘ra, shifoxonaga zarba berilganda uning asosiy darvozasi oldidagi jurnalistlar uchun mo‘ljallangan palatkada muxbirlar Anas ash-Sharif va Muhammad Kreyke, shuningdek, operatorlar Ibrohim Zohir, Muhammad Nufal va Muammyan Aliva bo‘lgan.

Telekanal bayonotida ushbu «maqsadli qotillik» «matbuot erkinligiga yana bir ochiq va qasddan qilingan hujum» bo‘lgani qayd etilgan.

Hujumdan ko‘p o‘tmay, Isroil mudofaa kuchlari Anas ash-Sharif hujum nishoni bo‘lganini tasdiqladi va u go‘yoki Hamas terrorchilik guruhining bo‘limlaridan birini boshqarganini da’vo qildi.

Bayonotda halok bo‘lgan boshqa jurnalistlar haqida eslanmagan.

«Al-Jazira» ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida jami yetti kishi halok bo‘lgan. Dastlab telekanal to‘rt nafar xodim halok bo‘lganini xabar qilgandi, bir necha soat o‘tib ularning soni besh nafar ekani oydinlashdi.

«Al-Jazira» bosh muharriri Muhammad Muavadning aytishicha, Ash-Sharif akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist bo‘lgan va G‘azo sektorida sodir bo‘layotgan voqealarni dunyoga yetkazuvchi «yagona ovoz» bo‘lib qolayotgandi.

28 yoshli Ash-Sharifning o‘limidan bir necha daqiqa oldin uning X ijtimoiy tarmog‘idagi 500 mingdan ortiq obunachisi bor sahifasida Isroilning G‘azo shahriga shiddatli aviazarbalari haqida ogohlantiruvchi xabarlar qoldirilgan.

Jurnalistning o‘limi haqidagi xabardan keyin ham ushbu sahifada oldindan yozib qo‘yilgan post e’lon qilingan.

«Bu mening so‘nggi xabarim. Agar bu so‘zlar sizlarga yetib borgan bo‘lsa, bilingki, Isroil meni o‘ldira oldi va ovozimni o‘chira oldi», - deyiladi unda.

Ozarboyjondan Ukrainaga yordam

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Energetika vazirligiga Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish maqsadida 2 million dollar ajratish to‘g‘risida farmoyish imzoladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mablag‘lar Ozarboyjonda ishlab chiqarilgan «Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun elektr uskunalari»ni sotib olish va jo‘natishga sarflanadi.

10 avgust kuni Aliyev va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasining Ukraina hududidagi neft omboriga, shuningdek, boshqa obektlarga, jumladan, Ozarboyjon gazini Ukrainaga yetkazib beruvchi kompressor stansiyasiga qilingan «Rossiya hujumlari»ni qoralagandi.

Kiyev va Boku bu tomonlarning energetika sohasidagi hamkorligini to‘xtatish uchun sabab bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Odessadagi SOCAR neft bazasiga hujum 8 avgustga o‘tar kechasi uyushtirilgan. Rossiya mudofaa vazirligi 2 avgustdan 8 avgustgacha bo‘lgan davrda Ukrainada mamlakat mudofaa sanoati korxonalari ishini ta’minlovchi «gaz-transport tizimi obektlari»ga zarba berilganini ma’lum qilgan. Vazirlik bayonotida zarbalar faqat Ukrainaning harbiy va energetika obektlari va ular bilan bog‘liq infratuzilmalarga berilayotgani ta’kidlangan.

Prezident Aliyevning Ukrainaga yordam to‘g‘risidagi bu qarori Moskva va Boku munosabatlarida Ozarboyjon yo‘lovchi samolyoti Grozniyda hujumga uchrashi va Yekaterinburgda ozarboyjonliklar o‘ldirilishi tufayli yuzaga kelgan keskinlikning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.

Ozarboyjon va Armaniston hududiy da’volardan voz kechadi

Ozarboyjon va Armaniston tashqi ishlar vazirliklari o‘zaro tinchlik bitimi matnini e’lon qildi. Hujjat 17 banddan iborat bo‘lib, ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolanganidan so‘ng kuchga kiradi.

Hujjatda aytilishicha, Ozarboyjon va Armanistonning xalqaro chegaralari SSSR tarkibidagi hukumatlar chegaralari hisoblanadi. «Tomonlar bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi, xalqaro chegaralari daxlsizligi va siyosiy mustaqilligini tan oladi va hurmat qiladi», - deyiladi shartnomada.

Shartnomada tomonlarning bir-biriga nisbatan hududiy da’volari yo‘qligi va bo‘lmasligi ham qayd etilgan.

Bundan tashqari, tomonlar hujjat imzolangandan so‘ng bir-birining ichki ishlariga aralashmaslikka va diplomatik munosabatlar o‘rnatishga va’da bermoqda.

Tomonlar shuningdek, o‘z chegaralari bo‘ylab uchinchi davlat qurolli kuchlarini joylashtirmasligi va mojaro paytida bedarak yo‘qolganlar holatlarini tekshirishda hamkorlik qilishi ko‘zda tutilgan.

Kelishuv 8 avgust kuni Vashingtonda Ozarboyjon, Armaniston va AQSh rahbarlari Ilhom Aliyev, Nikol Pashinyan va Donald Tramp ishtirokida Boku va Yerevan tashqi ishlar vazirlari tomonidan parafirlangandi.

Meduzalar AES ishini to‘xtatib qo‘ydi

Fransiya shimolidagi Gravlin atom elektr stansiyasi faoliyati sovitish tizimlarida meduzalar to‘planib qolgani sababli to‘xtatildi.

Nasos stansiyalarining filtrlovchi barabanlari «ommaviy va kutilmagan» miqdordagi meduzalar bilan to‘lgani sababli uchta reaktor avtomatik ravishda to‘xtab qoldi. Bir necha soatdan so‘ng yana bir reaktor qo‘lda o‘chirildi.

Reuters manbasi ma’lum qilishicha, filtrlovchi nasoslarga zarar yetmagan – ularni shunchaki tozalash kerak, shundan so‘ng stansiya o‘z ishini davom ettira oladi. Operator kompaniyaning ta’kidlashicha, hodisa obekt, xodimlar va atrof-muhit uchun xavf tug‘dirmagan.

Taxminlarga ko‘ra, hodisaning asl sababi iqlim inqirozi bo‘lishi mumkin. Stansiyani sovitish uchun suv Shimoliy dengizdan keladi. Suv harorati ko‘tarilishi tufayli so‘nggi yillarda AES atrofidagi plyajlarda meduzalar soni ko‘payishi kuzatilmoqda.

Gravlin AES Fransiyadagi eng yirik atom elektr stansiyasidir. Uning reaktorlari umumiy quvvati 5460 megavattni tashkil etadi.

Mavzuga oid