O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh va Eron yana zarbalar almashdi
AQSh dam olish kunlari Eron janubidagi harbiy obektlarga zarba berdi. Muhofizlar korpusi bunga javoban dushanba kuni Kuvaytdagi AQSh harbiy bazasini nishonga oldi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligining ma’lum qilishicha, yakshanba kungi hujumlar «xalqaro suv hududlarida parvoz qilayotgan AQShning MQ-1 dronini urib tushirishni o‘z ichiga olgan Eronning harakatlariga» javoban amalga oshirilgan.
«AQSh qiruvchi samolyotlari mintaqaviy suvlardan o‘tayotgan kemalarga aniq xavf tug‘dirgan Eron havo mudofaasi tizimlari, yerdagi boshqaruv stansiyasi va ikkita kamikadze dronlarni yo‘q qilish orqali tezkorlik bilan javob qaytardi», deyiladi CENTCOM bayonotida.
Keyinroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi Eronga hujum qilish uchun foydalanilgan AQSh aviabazasini nishonga olganini ma’lum qildi. Biroq aynan qaysi baza ekaniga aniqlik kiritmadi.
Reutersʼning yozishicha, Kuvayt rasmiylari dushanba kuni havo mudofaasi tizimlari raketa va dron hujumlarini qaytarganini xabar qilgan. Bu mamlakatda AQShning yirik harbiy bazasi joylashgan.
AQSh va Eron o‘rtasida aprel oyi boshida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgandi. Shundan beri asosiy bitimga erishishga qaratilgan muzokaralar cho‘zilyapti. Shu bilan birga ular vaqti-vaqti bilan o‘zaro zarbalar almashib turibdi.
Ikki tomon boshqa bir qancha masalalarda, jumladan, Livandagi urush borasida ham kelisha olmayapti. 31 may kuni Binyamin Netanyahu «Hizbulloh»ga qarshi kurashda Isroil qo‘shinlariga Livan ichkarisiga chuqurroq kirib borishni buyurganini ma’lum qildi.
BMT bankrotlik yoqasida
Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSh va Xitoy to‘lovlarni kechiktirayotgani sababli bankrotlik yoqasiga kelib qoldi.
Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning tashkilot oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshadi. Pekin esa may oyi oxirida 850 million dollarlik to‘lovlariga qaramay, hamon 455 million dollar qarz bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, XXR o‘zini «amalda asosiy moliyaviy homiy» deb atab, tashkilot oldidagi majburiyatlarini bajarishga va’da bermoqda.















