Jahon | 09:43 / 16.08.2025
6937
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiya va Xitoyni «bir-biriga tabiiy dushman» dedi

Shuningdek, avvalgi prezident Jo Baydenni ushbu ikki davlatni yaqinlashishiga sabab bo‘lganlikda aybladi.

Foto: REUTERS

Rossiya va Xitoy - tabiiy dushmanlar, dedi AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden «aqlga sig‘maydigan» ish qilib, Rossiya va Xitoyni yaqinlashishiga sababchi bo‘lgan. Tramp so‘zlariga ko‘ra, bunga Baydenning o‘tmishdoshi Barak Obama ham hissa qo‘shgan, respublikachining o‘zi esa voqealarning bunday rivojlanishini «to‘xtatgan».

Trampning ta’kidlashicha, tarixiy tajribadan kelib chiqib, bu ikki davlatning yaqinlashuviga yo‘l qo‘yib bo‘lmas edi, chunki ular «bir-biriga tabiiy dushmanlardir». Chunki, Rossiya «ulkan hududlarga ega», Xitoy esa «yerlarga muhtoj bo‘lgan ulkan aholiga ega».

Respublikachining ta’kidlashicha, bu davlatlar bir-biriga yaqinlashib olgan. Shu bilan birga, Tramp bunday dinamika davom etishiga shubha bildirdi, chunki Rossiya va Xitoy o‘rtasida, uning so‘zlariga ko‘ra, «tabiiy kelishmovchiliklar» mavjud.

Tramp 2023 yilda ham Bayden siyosati Rossiya bilan Xitoyning yaqinlashishiga olib kelganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Bayden ma’muriyati Rossiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoyning qo‘liga itarib yuborgan», bu esa nomaqbul. Trampning qo‘shimcha qilishicha, hozir ikki davlat «katta chiroyli ittifoqqa» ega.

Shu bilan birga, Tramp Baydenning aynan qaysi harakatlari bunday oqibatga olib kelganiga aniqlik kiritmadi. Bir yil o‘tib, u saylovoldi mitingida, agar AQSh aqlli prezident tomonidan boshqarilsa, Rossiya va Xitoy Qo‘shma Shtatlarga dushman bo‘lishni to‘xtatishini aytdi.

«Bizning tashqi dushmanlarimiz bor: Xitoy, Rossiya, Shimoliy Koreya. Aslida esa ular dushman emas. Agar sizda aqlli prezident bo‘lsa, ular dushman emas», dedi Tramp.

Mavzuga oid