O‘zbekiston | 00:53 / 19.08.2025
9000
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan mehmonxonalar bilan tanishdi

8 gektardan ziyod maydonda 12 ta mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev joylardagi bunyodkorlik bilan tanishuvi chog‘ida Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga yondosh qurilgan mehmonxonalar majmuasini ham ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Bir paytlar qarovsiz yotgan manzillar bugun obod maskanga aylangan. 8 gektardan ziyod maydonda 12 ta mehmonxona, 375 o‘rinli “Yangi Toshkent” konferensiya zali, 310 o‘rinli restoran, sog‘lomlashtirish markazi hamda ochiq sport maydoni barpo etilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Mehmonxonalarga Qoraqalpog‘iston va viloyatlar nomi berilgan. Ular 3 yulduzli bo‘lib, 5 qavatdan iborat, 62 ta xona va 124 o‘ringa ega. Majmua yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi va uning boshqaruvi xalqaro tajribaga ega “Leo Hospitality Solutions”, “Radisson Individuals”, “Trademark Collection by Wyndham” kabi nufuzli kompaniyalarga topshiriladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, xususiy banklar shu kabi majmualar boshqaruviga sherik bo‘lib kirish taklifini bildirdi. Davlat rahbari xizmat sohalari kengayishi, joylarda zamonaviy maskanlar ko‘payishi aholi farovonligiga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati
Foto: Prezident matbuot xizmati

Mehmonxonalar restoran, anjumanlar zali va dam olish maskanlari bilan uyg‘un qurilgani xizmat qamrovini oshiradi. Bu yerda yuqori darajadagi tadbirlar hamda yirik xalqaro anjumanlar o‘tkazilishi ham mumkin.

Majmuada 540 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga o‘rtacha 55 ming turistga xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan. Bu yer mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun yana bir lokatsiya, Toshkent vohasida turizm rivoji uchun qo‘shimcha stimul bo‘ladi. Majmua qurilishi ortidan yon-atrofdagi mahallalarning infratuzilmasi ham yaxshilanib, aholi farovonligi ta’minlandi.

Shavkat Mirziyoyev majmuada xizmat turlarini ko‘paytirish va sifatini oshirish, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etish masalalariga e’tibor qaratdi. Bunday ko‘p tarmoqli xizmatlarni boshqa hududlarda ham keng yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid