Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tojikistonda folbin va sehrgarlar xizmatidan foydalanganlik uchun jazo joriy etildi
So‘nggi bir yil ichida Tojikiston hukumati folbin va sehrgarlar hamda ularning mijozlariga qarshi kurashni kuchaytirdi.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Tojikistonda folbin, sehrgar va afsungarlarga murojaat qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi, deb xabar berdi Asia-Plus.
Jumladan, Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 482-moddasiga («Sehrgar, afsungar yoki folbin xizmatidan foydalanish») kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ezoterik amaliyot bilan shug‘ullanuvchilarning mijozlariga 50-60 hisob-kitob ko‘rsatkichi (3750-4500 somoniy yoki 4,8-5,8 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi.
Qayd etilishicha, o‘zgarishlar 2025 yil 31 iyuldan kuchga kirgan, biroq bu haqda endi ma’lum bo‘lmoqda.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yil ichida Tojikiston hukumati folbin va sehrgarlar hamda ularning mijozlariga qarshi kurashni kuchaytirdi. 2024 yil yozida Tojikiston Ichki ishlar vazirligi folbin va sehrgarlarga borgan shaxslar organlarga chaqirilishini va ularning ismlari va fotosuratlari Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlar bazasiga kiritilishini e’lon qilgan edi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, «bu chora-tadbirning maqsadi xurofot va folbinlar va sehrgarlar xizmatidan foydalanishning oldini olishdir, chunki ba’zi fuqarolar ularga murojaat qilib, sehr va jodugarlikning tarqalishiga hissa qo‘shadilar». Folbin va sehrgarlarga murojaat qilgan va organlarga chaqirilgan odamlarning aniq soni noma’lum.
Shuningdek, o‘tgan yili folbinlik va sehrgarlik bilan shug‘ullanganlik uchun jazo kuchaytirildi. Mamlakat parlamenti Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 482-moddasi 2-bandiga o‘zgartirish kiritib, ma’muriy jarima miqdorini 80-100 hisob-kitob ko‘rsatkichigacha oshirdi, shuningdek, 10 sutkadan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini qo‘shdi.
Bundan tashqari, Tojikiston Jinoyat kodeksining 240-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sehrgarlik va folbinlik bilan shug‘ullanganlik uchun (agar bunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa) 1500 dan 2000 hisob-kitob ko‘rsatkichigacha jarima yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Ilgari bunday harakatlar uchun faqat ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan edi.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki olti oyida afsungarlik va folbinlik bilan shug‘ullanishning 495 ta holati aniqlangan.
Mavzuga oid
20:08 / 08.10.2025
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Tojikistonga boradi
07:46 / 23.08.2025
Rossiyaga isiriq olib borgan tojikistonlik ayol 8 yilga qamaldi
17:52 / 04.12.2024
Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy davlat chegarasini delimitatsiya qilishni yakunladi
17:13 / 29.11.2024