O‘zbekiston | 13:11 / 01.09.2025
2202
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Strategik materiallar bo‘yicha ShHT mintaqaviy markazini tashkil etishni taklif qildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Shanhay hamkorlik tashkilotining Tyanszin sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shanhay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida nutq so‘zladi

"Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan hozirgi tendensiyalarni hisobga olib, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Biz keng mintaqamizda iqtisodiy hamkorlikning barqaror modellarini shakllantirish tarafdorimiz. ShHT makonida mintaqaviy ichki mahsulot ayirboshlash hajmini oshirishga turtki beradigan Savdoni soddalashtirish tartib-taomillari to‘g‘risidagi bitim imzolanishini muhim vazifa, deb hisoblaymiz.

Ishonchli ishlab chiqarish-logistika zanjirlarini rivojlantirish va o‘zaro sarmoyalarni rag‘batlantirish zarur ekanini ta’kidlamoqchiman. Shu munosabat bilan ShHT doirasida minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlashda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida Strategik materiallar bo‘yicha ShHT mintaqaviy markazi, mamlakatlarimizda muvofiqlashtirilgan siyosat olib borish va “yashil” energetikani jadal rivojlantirish uchun ShHT Energetika konsorsiumi, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilgari surish uchun Venchur kompaniyalari va jamg‘armalari tarmog‘i, mamlakatlarimiz mintaqalarini jalb qilgan holda, biznes bo‘yicha muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni ilgari surish uchun Maxsus elektron portal kabi qator yangi ko‘p tomonlama platformalar va kooperatsiyani qo‘llab-quvvatlash vositalarini tashkil etishni taklif qilaman", dedi prezident.

Mintaqaviy sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalarini tezroq joriy etish muhim. Ushbu masalani vakolatli vazirlar darajasida yana bir bor ko‘rib chiqish taklif etildi. 

Shimol – Janub va Sharq – G‘arb yo‘nalishlari bo‘yicha transport-tranzit salohiyatini to‘liq ishga solish mamlakatlarning umumiy manfaatlariga javob beradi. Markaziy Osiyo orqali Fors ko‘rfazi va Hind okeani portlariga chiqadigan janubiy yo‘nalishdagi yo‘laklarni rivojlantirish alohida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

"Biz “ShHT yagona transport makoni”ni shakllantirish va uni “Bir makon – bir yo‘l” strategik tashabbusi bilan bog‘lash bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish uchun katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz. Bu yangi multimodal tarmoqlar, raqamli platformalar va “yashil” yo‘laklar yaratishni nazarda tutadi. Bu borada tegishli ko‘p tomonlama konsepsiyani ishlab chiqishni taklif etamiz.

Yana bir ustuvor yo‘nalish – ShHTning “yashil” transformatsiya sohasidagi hamkorligini kengaytirish. Xitoy tomonining tashabbusi bilan “Yashil” sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bayonot o‘z vaqtida qabul qilinmoqda, deb hisoblayman", dedi davlat rahbari.

Shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish, havoga zaharli gazlarni chiqarishni kamaytirish, ekologik xavf-xatarlarni bashorat qilish uchun sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalalari bo‘yicha mintaqaviy platformani ishga tushirish zarur.

Madaniy aloqalarni yanada chuqurlashtirish va xalq diplomatiyasi institutini kuchaytirish ShHT doirasidagi uzoq muddatli sheriklikning muhim omili hisoblanadi.

Xalq ijodiyoti xalqaro festivallarini o‘tkazish, “ShHT universiteti” sheriklik tarmog‘ining onlayn kampusini yaratish, innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha har yili talabalar va yosh mutaxassislar o‘rtasida tanlov va olimpiadalar tashkil etish gumanitar almashuvlarni rivojlantirish va xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga kuchli turtki berishi mumkin.

Bundan tashqari, “Sayyohlik yo‘lagi” va ShHT tibbiyot turizmi alyansini ishga tushirish kabi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish taklif etildi.

Mavzuga oid