Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoydan “Yadro triadasi”: Bu nimani anglatadi?
Pekindagi parad Xitoyning harbiy qudratini namoyish qildi. Unda qit’alararo yadro raketalari, gipertovushli qurollar, lazer tizimlari, robotlashtirilgan artilleriya va yangi avlod qiruvchilari taqdim etildi. Tahlilchilar bu paradni Xitoy yadroviy triadasi yer, havo va dengizdan zarba berish salohiyatining ochiq ko‘rinishi, shuningdek, mamlakatning jadallik bilan davom etayotgan harbiy modernizatsiyasi sifatida izohlashmoqda. Kun.uz'ning "Geosiyosat" loyihasida shu haqida gap boradi.
Pekindagi harbiy paradda qanday qurollar namoyish etildi?
Shuhrat Rasul: Avvalo, yadro qurollaridan boshlasak. Paradda Xitoy modernizatsiya qilingan strategik qit’alararo raketasi DF-5C namoyish qilindi. U 12-15 ming kilometr masofaga ucha oladi va 10 ta yadro kallagi bilan jihozlangan. 1981 yilda xizmatga qabul qilingan DF-5 raketasi esa faqat bitta kallakka ega edi va uchish masofasi 13 ming kilometr edi. Yangi model esa nafaqat kuchliroq, balki yuqori aniqlikka ega 50 metr xatolik bilan nishonga yetib boradi. Manbalarga ko‘ra, Xitoy hozir 600 ta yadro zaryadiga ega, 2035 yilgacha esa 1,5 mingga yetkazishni rejalamoqda. Paradda ballistik, qanotli va gipertovushli raketalar ham ko‘rsatildi. Masalan, DF-29 5 ming kilometrgacha ucha oladi va yadro kallaklari bilan qurollangan. Gipertovushli raketalar esa 5,5 Mach tezlikdan yuqori uchib, mavjud havo mudofaasi tizimlari tomonidan urib tushirilishi deyarli imkonsiz. Ayrimlari yer ustidan, ayrimlari esa aviatsiya orqali uchiriladi. Ularning imkoniyatlari Rossiyaning “Kinjal” raketasidan ustunroq ekani ta’kidlandi. Xitoy ilgari boshqa davlatlarda bo‘lmagan qo‘shin turlarini ham namoyish qildi: informatsion qo‘shinlar va elektromagnit qo‘shinlar. Bundan tashqari, ikki turdagi lazer qurollari ham ilk bor ko‘rsatildi. Ular, asosan, dronlarni urib tushirishga mo‘ljallangan. AQShdan tashqari, bunday qurollarni amalda namoyon qilgan ikkinchi davlat sifatida Xitoy qayd etildi. Rossiyaning “Peresvet” lazer quroli esa hanuzgacha real jangovar sharoitda isbotini topmagan. Shuningdek, yerda harakatlanuvchi kichik robotlashtirilgan artilleriya tizimlari ham ko‘rsatildi. Bunday texnologiyalar kelajakda askarsiz urush olib borish imkonini berishi mumkin. Paradda beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari ham namoyish etildi. Ular o‘z texnik xususiyatlariga ko‘ra, AQShning F-35 samolyotlariga tenglashtirilmoqda. Shuningdek, suvda harakatlanuvchi dronlar ham ilk bor ko‘rsatildi. Ko‘plab ekspertlar bu paradni Xitoy yadroviy “triadasi”ning yer, havo va dengizda zarba berish imkoniyatining ochiq namoyishi sifatida baholadi.
Umuman, Xitoy bu parad orqali o‘zining qudratini amalda ko‘rsatdi va bu qudrat borligini dunyoga namoyon qildi.
Hamza Boltayev: Xitoy Xalq Respublikasi harbiy sohadagi yutuqlarini paradlarda ko‘rsatishda bir nechta maqsadni ko‘zlaydi: xalqaro miqyosda kuch-qudratini namoyish qilish, ichki auditoriyaga esa ishonch bag‘ishlash. Biroq har qanday davlat boshqa mamlakatning paradlarda ko‘rsatayotgan qurollaridan tashqari, uning haqiqiy jangovar salohiyatini ham o‘z razvedkasi va ekspertlari orqali baholaydi. Masalan, Sovet Ittifoqi davridagi yirik paradlarda qurollar namoyish etilgan bo‘lsa-da, ular ko‘pincha real jangovar shaylik darajasida emasligi keyinchalik ayon bo‘lgan.
Xitoy misolida esa vaziyat boshqacha. G‘arb davlatlari va xalqaro xavfsizlik tashkilotlari bergan xulosalar ishonchli manba sifatida qabul qilinmoqda. Masalan, mutaxassislar fikricha, 2035 yilgacha Xitoy yadroviy kallaklar sonini 1,5 mingga yetkazishi mumkin. Bu juda tezkor modernizatsiya bo‘lib, ulkan mablag‘, texnologik imkoniyat va ilmiy salohiyat talab etadi. Hozirgacha rasmiy manbalarda Xitoyning yadroviy arsenali 300 kallak deb baholanib kelgan bo‘lsa-da, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra bu raqam 600 tadan oshgan. Aniq soni 700, 750 yoki hatto 1000 ta bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda. Har qanday holatda ham, bu ko‘rsatkich Xitoyning harbiy qudrati keskin oshayotganini anglatadi.
Suhbatni YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
21:54
Putin dengiz blokadasi bilan tahdid qildi. RF armiyasi bunga qodirmi?
15:53 / 05.12.2025
🔴 LIVE: Xitoy Rossiyaga ta’sir qiloladimi? | "Geosiyosat"
14:25 / 03.12.2025
🔴 LIVE: Trampning elchisi yana Moskvada, Putindan qator bayonotlar | "Geosiyosat"
13:59 / 02.12.2025