Moliya | 21:41 / 03.09.2025
7120
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp FZTga ta’sir o‘tkazolsa, bu juda jiddiy xavf tug‘diradi - Kristin Lagard

AQSh prezidenti Federal zaxira tizimining foiz stavkalarni belgilash siyosatiga ta’sir o‘tkaza olsa, bu AQSh va jahon iqtisodiyoti uchun juda jiddiy xavfga aylanadi, dedi Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard. Bunday ehtimolning mavjudligi fonida oltin narxi yangi rekordni urdi.

Foto: Reuters / Heiko Becker / File Photo

Oltin narxi global iqtisodiy noaniqlik fonida, talab yuqori bo‘lib qolayotgani sababli rekord darajaga yetdi. Ayni material e’lon qilinayotgan soatlarda 1 unsiya oltin 3567 dollardan sotilmoqda.

Bu qimmatbaho metall narxi yil boshida AQSh prezidenti Donald Tramp keng ko‘lamli bojlarni joriy qilganidan keyin oshib ketdi. Chunki tariflar urushi jahon savdosini izdan chiqardi.

Tahlilchilarga ko‘ra, oltin narxining ko‘tarilishiga AQSh Federal zaxira tizimi asosiy foiz stavkasini pasaytirishi haqidagi kutilmalar ham sabab bo‘lmoqda. Ekspertlar FZTning mustaqilligi borasidagi xavotirlarni ham oltin narxiga ta’sir qiluvchi yana bir omil sifatida ko‘rsatmoqda.

Yevropa Markaziy banki rahbari Kristin Lagard so‘nggi intervyusida agar Tramp FZT mustaqilligini zaiflashtirsa, bu jahon iqtisodiyoti uchun “juda jiddiy xavf” bo‘lishini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Tramp FZTning foiz stavkalari siyosatini o‘z nazoratiga ololsa, buning AQSh iqtisodiy barqarorligiga va shu orqali butun dunyoga ta’siri “nihoyatda tashvishli” bo‘ladi.

Odatda oltin narxi investorlardagi kuchli qiziqish tufayli keskin ko‘tarilganda, bu jarayon Xitoy va Hindistondagi xaridlarning pasayishi bilan sekinlashadi. Lekin bu safar oltin Xitoy va Hindistonda hamon talabgir bo‘lib qolmoqda. Nafaqat investorlar, balki davlatlar ham iqtisodiy beqarorlik, geosiyosiy keskinlik va dollarga ishonchning kamayishi fonida oltin jamg‘arishni kuchaytirmoqda. Bu jarayon global moliyaviy xavfsizlik va diversifikatsiya siyosatining bir qismi sifatida ko‘rilyapti.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid