Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini yetarlicha qattiq emas deb atadi
AQSh prezidenti Yevropa ham AQSh harakatlariga muvofiq cheklovlarni kuchaytirishi sharti bilan Moskvaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi. Xususan, Tramp yevropaliklar Rossiyadan neft sotib olayotganidan norozi.
14 sentabr, yakshanba kuni jurnalistlar bilan suhbatda AQSh prezidenti Donald Tramp Yevropa ham o‘z cheklovlarini Vashington harakatlariga mos ravishda kuchaytirish sharti bilan Rossiyaga nisbatan AQSh sanksiyalarini kuchaytirishga tayyorligini ma’lum qildi.
«Yevropa Rossiyadan neft sotib olmoqda. Men ular neft sotib olishini xohlamayman», — deya Oq uy rahbarining so‘zlarini keltiradi Reuters. «Va... ular kiritayotgan sanksiyalar unchalik qattiq emas. Men sanksiyalar qo‘llamoqchiman, lekin ular men qilayotgan ishimga mos ravishda sanksiyalarni kuchaytirishi kerak bo‘ladi».
Bir kun avval Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida maktubini e’lon qildi va unda «NATOning barcha davlatlari bunga rozi bo‘lib, xuddi shunday yo‘l tutishga kirishsa hamda NATOning barcha davlatlari Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatsa, Rossiyaga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo‘llashga tayyorligi» haqida yozilgan. Amerika prezidenti Shimoliy Atlantika alyansining ba’zi a’zolarining Rossiya neftini sotib olishini «hayratlanarli» deb atadi va bu NATOning muzokaralardagi pozitsiyasi va alyansning Moskvaga ta’sirini zaiflashtirishini qo‘shimcha qildi.