Jahon | 13:56 / 19.09.2025
3172
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada «Yahudiylarga kirish taqiqlangan» yozuvi bo‘yicha ish ochildi

Shlezvig-Golshteyn yeridagi do‘konda «Yahudiylarga kirish taqiqlangan» degan yozuv paydo bo‘ldi. Prokuratura jinoiy ish ochdi. Do‘kon egasi Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlaridan g‘azablanganini bildirdi.

Foto: AP

Germaniyaning Shlezvig-Golshteyn federal yeri Flensburg shahridagi buyumlar do‘konidan biriga kiraverishda quyidagi e’lon ilib qo‘yildi: "Yahudiylarga kirish taqiqlangan! Shaxsiy hech narsa yo‘q. Antisemitizm yo‘q. Shunchaki, menga yoqmaysizlar". NDR mediakompaniyasining 18 sentabr, payshanba kuni xabar berishicha, do‘kon egasiga nisbatan nafrat uyg‘otganlik gumoni bo‘yicha tergov boshlangan. «Ushbu so‘zlar jamoat tartibini buzishi va Germaniyada yashovchi yahudiylarga nisbatan nafrat uyg‘otishga hissa qo‘shishi mumkin degan asosli shubha bor», — deb yozadi OAV shahar prokuraturasidan iqtibos keltirgan holda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 17 sentabr kuni mahalliy politsiyaga bir nechta shikoyatlar kelib tushgan. Da’vogarlar orasida Shlezvig-Golshteyndagi yahudiylar hayoti bo‘yicha vakil Gerxard Ulrich ham bor. Keyinroq bu e’lon daliliy ashyo sifatida olindi, tergov davom etmoqda.

Keyinroq do‘kon egasi o‘z harakatini G‘azo sektoridagi voqealardan noroziligi bilan izohladi. U jarimaga tortilishi yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ayni paytda, Flensburgdagi Falastin jamoasi «antisemitistik plakat paydo bo‘lishidan hayratda qolganini» aytdi. Ular «antisemitizmning jamiyatda o‘rni yo‘qligini» va jamiyatning G‘azo sektoridagi harakatlarga noroziligi yahudiylarga qarshi qaratilmaganini ta’kidladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid